Qozog`iston prezidenti Qosim Jo`mart-To`qaev mahalliy – «Turkistan» gazetasiga intervyu berib, jumladan, o`zining sog`ligi bilan bog`liq tarqalgan gap so`zlarga munosabat bildirdi.
U jurnalistga o`zini yaxshi his qilayotganini va salomatligidan shikoyat qilmasligini aytadi.
«Salomatligim joyida, qon bosimim doimiy ravishda me`yorda. Har kuni yoga bilan shug`ullanaman, lekin meditasiyasiz», – deydi To`qaev.
Prezidentning aytishicha, u haftasiga ikki marta sobiq professional sportchi bilan stol tennisi o`ynaydi. Shuningdek, so`nggi vaqtlarda 9 kilogramm vazn tashlagani ham umumiy ahvolini yaxshilagan.
«Haqiqatan ham ozdim, bu o`zimni ancha engil va yaxshi his qilishimga yordam berdi», – deya qo`shimcha qildi u.
Suhbat davomida Qozog`iston etakchisi MDH mamlakatlari etakchilarining jismoniy faolligiga ham to`xtalib o`tdi. Uning so`zlariga ko`ra, mintaqadagi ko`plab rahbarlar yaxshi jismoniy formada.
«Yaqinda Bishkekda bo`lib o`tgan norasmiy tadbirda Vladimir Putin yosh dzyudochiga qarshi kurashib, katta avlod sha`nini himoya qildi», – dedi To`qaev.
Shuningdek:
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev doimiy ravishda mashq qiladi,
Qirg`iziston rahbari Sadir Japarov futbol o`ynaydi,
O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev sport zalida mashq qiladi,
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan velosipedda yurishni xush ko`radi,
Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko hali ham xokkey o`ynaydi,
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon esa o`zini yaxshi his qilayotganini aytgan.
«Shuning uchun hamkasblarimning barchasi ajoyib jismoniy holatda, deb aytish mumkin», – dedi davlat rahbari.