Olib borilgan tekshiruv harakatlari davomida noma`lum shaxs O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev nomidan “Facebook” ijtimoiy tarmog`ida elektron manzili bo`lgan soxta profil ochgan holda fuqarolar bilan muloqotga kirishgan.
Muloqot jarayonida o`zini O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbari deb tanishtirib, foydalanuvchilar bilan yozishmalar olib borgan. Tarmoq foydalanuvchilariga turli masalalarda, ayniqsa, uy-joy va bank kreditlari ajratish bo`yicha amaliy yordam ko`rsatilishini va`da qilib, aldab fuqarolardan 50 ming so`mdan 1,5 mln. so`mgacha bo`lgan pul mablag`larini bank plastik kartasiga tushirgan holda o`zlashtirib, firibgarlik yo`li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Olingan tezkor ma`lumotlar natijasida, 2021 yil 5 fevral kuni Toshkent viloyati Chirchiq shahri hududida tezkor-texnik qidiruv tadbirlari o`tkazilib, ushbu noqonuniy harakatlarni Chirchiq shahar 3-kichik tumanida vaqtincha yashovchi 1982 y.t., M.M. sodir etganligi aniqlanib, telefon qurilmasi ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olingan.
Fuqaro M.M. ga nisbatan Chirchiq shahar IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
IIV Tezkor – qidiruv hamkorligi boshqarmasi