O`zbekistonda zo`ravonlikka uchragan bolalar uchun tutingan oila xizmati joriy etiladi

25.12.2025 11:38

Prezident tomonidan “Bolalarni zo`ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to`g`risida”gi qonun ijrosini samarali tashkil etish maqsadida tegishli farmon qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, O`zbekistonning Bogota harakatlar chaqiruviga qo`shilgani hamda Bolalarga nisbatan zo`ravonlikka chek qo`yish bo`yicha global alyans a`zoligiga qabul qilingani ma`lumot uchun qabul qilindi. Shuningdek, 2026–2030 yillarga mo`ljallangan Bolalarni zo`ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi hamda ushbu strategiyani 2026–2027 yillarda amalga oshirish bo`yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Professional tutingan oila va ijtimoiy ko`mak markazlari

Farmonga asosan, 2026 yil 1 fevraldan boshlab zo`ravonlik natijasida oilasidan ajratilgan, shuningdek, zo`ravonlik xavfi ostida bo`lgan va ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo`lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati joriy etiladi. Professional tutingan oilalar maxsus ijtimoiy-reabilitasiya dasturlari asosida tayyorlanadi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan tuzilgan shartnoma asosida ushbu oilalarga joylashtiriladi. Har bir bola uchun tutingan oilaga har oyda eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida to`lov amalga oshiriladi hamda bolaning yashash xarajatlari davlat hisobidan qoplanadi.

Dastlab Qashqadaryo, Navoiy va Xorazm viloyatlarida, 2026 yil yakuniga qadar esa respublikaning boshqa hududlarida kichik hajmli ijtimoiy ko`mak markazlari faoliyati yo`lga qo`yiladi. Jinsiy zo`ravonlikdan jabrlangan bolalar alohida sharoitlarda joylashtirilishi mumkin.

Huquqiy himoya va prosessual kafolatlar

2026 yil 1 sentyabrdan boshlab zo`ravonlikdan jabrlangan yoki zo`ravonlikka guvoh bo`lgan bolalarga ular prosessual harakatlarga jalb etilgan paytdan e`tiboran davlat hisobidan yuridik yordam ko`rsatiladi. Bolalarga nisbatan zo`ravonlik holatlari bo`yicha sudga qadar va sud jarayonlarida vasiylik va homiylik organlari vakillarining ishtiroki majburiy etib belgilandi. Jabrlangan bolalarning dastlabki ko`rsatuvlari majburiy tartibda videoyozuv orqali qayd etiladi. 

Shuningdek, ta`lim, sog`liqni saqlash va ijtimoiy himoya muassasalari xodimlari tomonidan bolalarga nisbatan zo`ravonlik faktlari haqida xabar berilmagan taqdirda ma`muriy javobgarlik joriy etiladi.

Ijtimoiy xizmatlar va ta`limga joylashtirish

2026 yil 1 martdan boshlab “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ota-onalari yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslar uchun “mehrli oila” xizmati tashkil etiladi. Ushbu xizmat doirasida oilaviy terapiya va ijtimoiy moslashtirish bo`yicha bepul yordam ko`rsatiladi.Ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo`lgan bolalar ularning xulq-atvori va qiziqishlarini inobatga olgan holda maxsus ta`lim tashkilotlariga sinovlarsiz va bepul asosda joylashtiriladi. Har bir o`quv yili yakunida ta`lim muassasalarida bunday bolalar uchun 5 foizgacha qo`shimcha kvota ajratiladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар