2026 yilda qaysi soliq stavkalari oshiriladi?

22.12.2025 11:42

Kelasi yil O`zbekistonda qator soliq stavkalarida o`zgarishlar bo`ladi, ayrim mahsulotlarga yangi soliqlar joriy etiladi. Bu haqda 18 dekabr kuni o`tgan Senat majlisida bosh vazir o`rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo`chqorov ma`lum qildi.

Jamshid Qo`chqorovning aytishicha, kelasi yili mamlakatda asosiy turdagi soliqlar stavkalari o`zgarmaydi.

“2026 yilda foyda solig`ining bazaviy stavkasi 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`i 12 foiz, ijtimoiy soliq 12 foiz miqdorida saqlanib qoladi. Aylanmadan olinadigan soliq (4 foiz), qo`shilgan qiymat solig`i (12 foiz), yuridik shaxslar mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi (1,5 foiz) ham o`zgarmaydi”, dedi bosh vazir o`rinbosari.

2026—2028 yillarga mo`ljallangan Byudjetnomada qator soliqlar stavkalariga o`zgartirishlar kiritilishi qayd etilgan. Xususan, 2026 yil 1 yanvardan er, mol-mulk, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 7 foizga oshiriladi. Er qa`ridan foydalanganlik uchun qat`iy soliq stavkalari hamda mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga soliq solish maqsadida qo`llanadigan ijara to`lovining eng kam stavkalari ham 7 foiz ko`tariladi.

2026 yil 1 yanvardan tovarlar (ishlar, xizmatlar) elektron savdosi bilan shug`ullanuvchilar uchun foyda solig`i 15 foiz (amalda 10 foiz), aylanmadan olinadigan soliq 4 foiz (amalda 3 foiz) stavkada belgilanadi.

Jamshid Qo`chqorov 2026 yil 1 apreldan tarkibida shakar yoki shirinlashtiruvchi modda bo`lgan energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklar uchun progressiv soliq stavkalari joriy etilishini aytdi. Ya`ni ichimlik tarkibidagi shakar miqdori oshgani sari ko`proq soliq to`lashga o`tiladi. Agar 100 ml ichimlikda 5 grammgacha shakar bo`lsa, 1 litr uchun 500 so`m (amalda ham shuncha) to`lanadi. Yangi tartibga ko`ra, miqdor 5–10 grammni tashkil etsa, har litrga 515 so`mdan, 10 grammdan ko`p shakar uchun litriga 535 so`mdan soliq to`lanadi.

Tarkibida shakardan boshqa shirinlashtiruvchi moddalar bo`lgan ichimliklarga 1 litri uchun 500 so`m, energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklarga aksiz solig`i stavkasi 1 litriga 2 150 so`m etib belgilandi.

2026 yil 1 apreldan neft mahsulotlarini ishlab chiqarish va yakuniy iste`molchilarga sotishda belgilangan aksiz solig`i stavkasi 7 foizga oshiriladi.

Vazir 2026 yil 1 apreldan iste`molga tayyor 1 kilogramm kartoshka chipslari uchun 15 ming so`m miqdorida aksiz solig`i joriy etilishini bildirdi. Ushbu aksiz solig`i kartoshka chipslarini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslar va O`zbekiston hududiga tovarlarni olib kiruvchilar tomonidan to`lanishi belgilandi.

2026 yil 1 yanvardan aylanmadan olinadigan soliq to`lashdan QQS va foyda solig`i to`lashga o`tayotgan korxonalar 1 yilga foyda solig`i to`lashdan ozod qilinadi. Shu bilan birga, ularning buxgalteriya xarajatlarini 6 oy davomida soliq to`lovlari hisobidan chegirib tashlash tartibi joriy etiladi. Mazkur chegirma oylik buxgalteriya xarajatlari mehnatga haq to`lashdagi eng kam miqdorning 3,5 baravaridan oshmagan qismiga tegishli.

Kelasi yildan foyda solig`i bo`yicha har oy bo`nak to`lovlarini to`lashi lozim bo`lgan tadbirkorlik sub`ektlari daromadining chegaraviy miqdori 10 mlrd so`mdan 20 mlrd so`mgacha oshiriladi.

“Korxonalar o`z mablag`lari hisobidan ijtimoiy infratuzilma, ya`ni elektr, gaz, issiqlik ta`minoti, suv ta`minoti, kanalizasiya va yo`l qurib, tegishli tarmoq tashkilotlariga bepul bersa, qilgan xarajatlarini foyda solig`idan chegirish imkoniyati yaratiladi”, dedi Jamshid Qo`chqorov.

Yanvardan yillik aylanmasi 1 milliard so`mgacha bo`lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o`zini o`zi band qilganlar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz etib belgilandi (amalda 4 foiz). Kelasi yildan qishloq xo`jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar tomonidan etishtirilgan mahsulotlar realizasiyasi uchun QQS nol stavkasi joriy etiladi. Ularga QQSning salbiy farq summasi uch kun muddatda avtomatik tarzda qaytarib berilishi ko`zda tutilmoqda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар