2025 yil 19 dekabr kuni O`zbekiston Milliy matbuot markazida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan aholiga taqdim etilayotgan chakana xizmatlar bo`yicha 2025 yil sarhisob hamda istiqboldagi rejalarga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi.

Tadbirda bank rahbariyati, mijozlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Anjumanda ta`kidlanganidek, so`nggi yillarda O`zbekiston bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar aholi uchun qulay, raqobatbardosh va ishonchli xizmatlar muhitini shakllantirmoqda.

Ma`lum qilinganidek, “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning 2024–2026 yillarga mo`ljallangan rivojlantirish strategiyasida mijoz, mahsulot va kanallar asosiy ustuvor yo`nalishlar etib belgilangan. Ayni paytda bank respublika bo`ylab bitta ipoteka markazi, 60 ta bank xizmatlari ofisi va markazi hamda 539 ta bankomat orqali mijozlarga xizmat ko`rsatmoqda.

2025 yil davomida 24 ta yangi xizmat joriy etilib, chakana mahsulotlar soni 49 taga etkazildi. 1 dekabr holatiga ajratilgan chakana kreditlar hajmi o`tgan yilga nisbatan 83 foizga o`sib, 3 trln 949 mlrd so`mni tashkil qildi. Aholi tadbirkorligini rivojlantirish uchun ajratilgan kreditlar hajmi 255 foizga o`sib, 1 trln 126,4 mlrd so`mga etdi. Chakana kredit portfeli qoldig`i esa 13,6 trln so`mni tashkil etdi.

Shuningdek, chakana kredit mijozlari soni 101 043 nafarga etdi, onlayn mikroqarzlar hajmi esa 80,3 mlrd so`mni tashkil qildi. Omonatlar qoldig`i 94 foizga o`sib, 3 trln 850 mlrd so`mga etdi, onlayn omonatlar bo`yicha 387 foiz o`sish qayd etildi.

Hisobot davrida 152 887 ta HUMO, 118 317 ta UzCARD va 41 699 ta Visa bank kartalari emissiya qilindi. Xalqaro pul o`tkazmalari hajmi 522,9 mln AQSh dollariga etdi.

Raqamli kanallar rivojiga alohida e`tibor qaratilmoqda. “BRB Mobile” ilovasining doimiy foydalanuvchilari soni 682 ming nafardan oshib, ilova orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar umumiy hajmi 4 trln 651,2 mlrd so`mni tashkil qildi.

Matbuot anjumanida yangi “Chempion” va “Sherdor” kartalari, shuningdek 2026 yilga mo`ljallangan istiqbolli loyihalar haqida ham ma`lumot berildi.