Etti yilda 38 mingta xonadonli ko`p qavatli uylar noqonuniy qurilgan — Qurilish vaziri

18.12.2025 10:10



O`zbekistonda 2018-2019 yillardan boshlab to hozirgi kungacha qurilgan 38 mingta xonadonli ko`p qavatli uylar noqonuniy qurilgan. Bu haqda qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov 17 dekabr kuni tadbirkorlar ishtirokida bo`lib o`tgan ochiq muloqotda ma`lum qildi.

Vazir noqonuniy qurilgan deb topilgan uylar aynan nimani xato qilganiga to`xtalib o`tdi.

“Umuman erga ham ruxsat olmasdan turib, hokim qarorisiz qurib tashlagani bor. Ikkinchisi, Arxitektura shaharsozlik kengashidan o`tkazmagan. U bizni normativlarga to`g`ri keladimi yo kelmaydimi, uni kiritmasdan turib qurgan. Uchinchisi, bu hokim qarori ham bor, kengashdan ham o`tkazgan, lekin loyihani davlat lisenziya bergan ekspertiza tashkiloti yoki davlat ekspertizasidan o`tkazmagan. Keyin ekspertizadan o`tgani ham nazorat inspeksiyasidan ro`yxatdan o`tmagan”, dedi vazir.

Uning so`zlariga ko`ra, ekspertiza eng asosiy vazifani, ya`ni insonlar xavfsizligi uchun belgilangan tartib bo`yicha loyiha to`g`ri ishlab chiqilgan yoki yo`qligini ekspertizadan o`tkazadi Undan keyin esa nazorat inspektorlari ekspertizadan o`tgan loyiha asosida qanaqa markali sement, armatura va boshqa qurilish mollari ishlatganini, qurilishni to`g`ri tashkil qildimi yoki yo`q, tekshirishi lozim. Bordi-yu o`tmagan bo`lsa, ekspertlari ham tekshira olmaydi.

“Uni nazorat qilmagan bo`lsa, ertaga davlat qanaqa qilib insonlarimizning xavfsizligini nazorat qila oladi, xavfsizligi uchun javob bera oladi? Shuning uchun davlatning o`zining qonun-qoidalari bor. Shu qonun-qoidalar asosida qurilishi kerak”, dedi Sherzod Xidoyatov.

Vazir 38 000 ta bo`yicha ham Ishchi guruh tashkil qilinganini qo`shimcha qilib, uylar taqdiriga oydinlik kiritdi.

“Hozir bu Ishchi guruhda aniq aytildiki, mana shu qurib qo`yilgan binolarni hozir joyiga chiqib o`rganib, agar zilzilaga bardoshli bo`lsa, texnik ko`rikdan keyin qolgan masalalarni ko`rib chiqib, keyin qonuniy (qaror - tahr.) qabul qiladi. Bunda albatta instrumental tekshiruv bo`lishi shart, bu texnik tekshiruv deyiladi, o`sha malakali konstruktorlar bilan birgalikda borib, loyiha institutlarimiz texnik ko`rik o`tkazadi”, dedi u.

Sherzod Hidoyatov noqonuniy qurilish qilgan tadbirkorlarga chora ham ko`rilishini aytib o`tdi.

“Noqonuniy qurganligi uchun baribir huquqni nazorat qilish organlari orqali o`sha jarimasi, boshqa javobgarliklarini ko`rib chiqadigan tizim qilindi. Bu bo`yicha hozir nazorat inspeksiyamiz ish olib boryapti”, dedi qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vaziri.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар