Mamlakatga olib kirilayotgan dori vositalarining yarmidan ko`pi faqat O`zbekiston uchun ishlab chiqarilgan

13.12.2025 19:02

O`zbekiston hududiga Qozog`istonga nisbatan ikki baravar ko`p dori vositalari kirib kelmoqda. Bu haqda Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov dori vositalarini elektron resept bilan berish tartibiga bag`ishlangan matbuot anjumanida ma`lum qildi.

Anjumanda Abdulla Azizov resept bilan beriladigan dori vositalari bo`yicha O`zbekistondagi mavjud muammolarning bir nechtasini sanab o`tdi.

Hozirgi kunda O`zbekistonda reseptli beriladigan dori vositalari turi 11 ming 825 tani tashkil etadi. O`nta reestr mavjud referent davlatlar tajribasini o`rganib chiqdik. Masalan, Turkiyadek katta davlatda 11 ming 691 ta dori vositasi mavjud. Qo`shni Qozog`istonda esa dori vositalari bizdan ikki baravar kam. Bundan ham achinarlisi, Rossiyada ham mamlakatimizdan kamroq — 9 ming 112 ta dori vositasi reseptura dori vositalari reestriga kiritilgan, dedi Farmagentlik rahbari.

​Uning alohida ta`kidlashicha, mamlakatga olib kirilayotgan dori vositalarining yarmidan ko`pi faqat O`zbekiston uchun ishlab chiqarilgan.

Bizga 7 ming 599 ta xorijiy dori vositasi import qilinadigan bo`lsa, shundan 4971 tasi faqat O`zbekiston uchun ishlab chiqarilgan. Chunki biz o`rgangan 10 ta davlatning ichida buncha dori turlari umuman topilmagan. Bu degani, import qilinayotgan 65 foiz dori vositalari faqat O`zbekiston uchun ishlab chiqarilgan. Bu juda ham yomon ko`rsatkich. Agar Turkiyani ham ko`radigan bo`lsak, Turkiyada bunday ko`rsatkich 2 foizdan kam, bizda esa bu 65 foiz. Bundan shunday tushuncha paydo bo`ladiki, O`zbekistonda dori vositalari bilan bog`liq bo`lgan juda katta korrupsion mexanizm shakllangan.

Import qilinayotgan dori vositalari, asosan, Hindiston hissasiga to`g`ri keladi. Biz yuqorida aytgan faqat O`zbekiston uchun ishlab chiqariladigan dorilarning yarmi — 4971 tadan 2483 tasi Hindistondan keladi. Ya`ni Hindistonda ishlab chiqarilayotgan dori vositalari, asosan, O`zbekiston uchun ishlab chiqariladigan dori vositasi bo`lib qoladi. Boshqa qo`shni davlatlarga yoki biz tadqiq etgan 10 ta davlatda bu dori vositasini topish mumkin emas. Ko`rinadiki, korrupsion mexanizm rivojlanib ketgan. Distribyutorlar yoki dorini sotuvchilar o`zimizning vrachlarga qo`shimcha pul berish orqali yoki qanaqadir boshqa usullar orqali ularni o`zining dori vositasini yozishga o`rgatgan. Bu yangi narsa emas, oxirgi yigirma yillar davrida shakllangan. Bizning hozir oldimizdagi eng birinchi maqsad — mana shu 4971 ta dori vositasini keskin kamaytirish va O`zbekistonga sifatli dori vositalarini olib kelishni ta`minlash, dedi Abdulla Azizov.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар