Resept bilan sotiladigan dorilar ro`yxati qaysi mezonlar asosida shakllantirilgan? — CCV javob berdi

13.12.2025 11:09

Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 8 sentyabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, tibbiyot tashkilotlarida dori vositalarini elektron resept asosida tayinlash tartibi belgilandi. Unga ko`ra, yangi tizim 2025 yil 10 dekabrdan faqat Toshkent shahri hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta tuman (shahar)da yo`lga qo`yildi. Ayni paytda ushbu mexanizm yuzasidan jamoatchilikda ko`plab savollar tug`ilmoqda.

Shundan kelib chiqib, Sog`liqni saqlash vazirligi ishchi guruhi aholini qiziqtirayotgan savollarga javoblarni taqdim etdi.

Savol: Bugungi kunda «Elektron resept» tizimiga nechta tibbiyot tashkiloti va dorixona ulangan?

Javob: Toshkent shahar sog`liqni saqlash bosh boshqarmasiga qarashli jami 152 ta davlat tibbiyot tashkiloti va 1 496 ta dorixonaning barchasi to`liq «Elektron resept» tizimiga ulangan. Hozircha poytaxtdagi mavjud 1 945 ta xususiy tibbiyot tashkilotidan 796 tasi (41 foiz) ushbu tizimga integrasiya qilingan.

Tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta hududda (Asaka, G`ijduvon, G`allaorol, Chortoq, Kitob, Xatirchi, Denov, Bulung`ur, Ishtixon, Shovot, Chimboy, Quva, Sirdaryo tumanlari hamda Yangiyo`l, Samarqand shaharlari) jami 383 ta davlat tibbiyot tashkiloti va 1 319 ta dorixonaning barchasi, mavjud 858 ta xususiy tibbiyot tashkilotidan 547 tasi (64 foiz) ushbu tizimga ulangan.

Mazkur hududlardagi qolgan xususiy klinikalar esa resept yozilmasligi, faoliyati to`xtatilgani kabi sabablar bilan tizimga ulanmagan.

Savol: Yangi tizim joriy qilingan hududlardagi xususiy klinikaga murojaat qilgan bemor reseptni qanday oladi?

Javob: Bu holatda bemorlar o`zi biriktirilgan oilaviy poliklinika va oilaviy shifokorga yoki shoshilinch tibbiyot muassasalariga murojaat qilishlari mumkin.

Savol: Hozir reseptli dorilarning necha foizi elektron shaklda beriladi?

Javob: Bugungi kunda reseptli dorilarning 98,9 foizi elektron shaklda beriladi. 1,1 foizi, ya`ni alohida toifadagi kuchli ta`sir qiluvchi moddalar, tarkibida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar saqlovchi dori vositalari an`anaviy shaklda (maxsus resept blanka) beriladi.

Savol: Yangi tizim joriy qilingan hududlardagi hamma shifokorlar resept yozish uchun zarur uskunalar bilan ta`minlanganmi? Tizimni ishga tushirishdan avval ularning taklif va tavsiyalari inobatga olinganmi

Javob: Toshkent shahar va tajriba-sinov loyihasi joriy qilinayotgan 15 ta tuman (shahar)dagi davlat tibbiyot muassasalari resept yozish uchun zarur bo`lgan 9 turdagi uskunalar – axborot-kommunikasiya texnologiyalari (monoblok, planshet, chek-printer va tarmoq qurilmalari) bilan ta`minlangan.

«Tibbiyot tashkilotlarida resept bilan beriladigan dori vositalarini elektron resept asosida tayinlash tartibi to`g`risida»gi Nizom tibbiyot muassasalari xodimlari takliflari asosida shifokorlardan iborat Ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan.

Savol: Resept bilan sotiladigan dorilar ro`yxati qaysi mezonlar asosida shakllantirilgan?

Javob: Dori vositalari resept bilan yoki reseptsiz berilish tartibini belgilash ularni davlat ro`yxatidan o`tkazish davrida aniqlanib, tegishli yo`nalishdagi shifokor mutaxassislar tomonidan xulosalar rasmiylashtirib tasdiqlanadi.

Bunda:

original dori vositasining qanday tartibda berilishi tasdiqlanganligiga;
ushbu dori vositasi ishlab chiqaruvchi davlatning tegishli organi tomonidan qanday tartibda tibbiyot amaliyotida qo`llashga ruxsat berilganligiga;
uning faol moddasining dozasi, dori shakli va qo`llanish usuli hamda qadoqdagi soniga ham bog`liq.

Shuni ta`kidlash joizki, faol moddalar, xususan, parasetamol, ibuprofen saqlovchi kombinirlangan dorilar resept bilan tibbiyot amaliyotida qo`llanishi mumkin. Chunki ushbu dori moddalarining boshqa faol moddalar bilan kombinasiyalari farmakologik xossalarini kuchaytirishi, nojo`ya ta`sirlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Masalan:

– Askorbin kislotasi tabletka va drajesi (dumaloq) reseptsiz, uning in`eksion dori shakli esa resept bilan beriladi.

– Parasetamol yoki ibuprofen tabletkalari, yosh bolalar uchun ularni saqlagan suspenziyalar, siroplar, bel va bo`g`imlardagi og`riqlarda ishlatiladagan surtmalar va gellar reseptsiz beriladigan dorilar qatoriga kiradi. Biroq 500 mg. dan ortiq parasetamol, ibuprofen saqlovchi majmuaviy dorilar resept bilan sotiladi.

Savol: Toshkent shahridagi ayrim dorixonalarda reseptsiz sotiladigan dorilarni xarid qilishning imkoni bo`lmayapti...

Javob: Bu noto`g`ri. Chunki reseptsiz sotiladigan dorilar toifasiga shamollashga qarshi, isitmani tushirish, nazal spreylar, shamollash tufayli tanadagi og`riqlarni bartaraf etish uchun ichiladigan bir komponentli dorilar, yosh bolalar uchun parasetamol yoki ibuprofen saqlagan suspenziyalar, siroplar, bel va bo`g`imlardagi og`riqlarda ishlatiladagan surtmalar va gellar kiradi. Bundan tashqari, allergiyaga qarshi, ich ketishida va qabziyatda qo`llanadigan dorilar ham reseptsiz sotiladi.

Dorixonalardagi dorilarning reseptli yoki reseptsiz berilishi ularning qadog`i va qo`llash yo`riqnomalarida ko`rsatilgan bo`lib, bu aholi va dorixona xodimlari uchun qulaylik yaratadi.

Toshkent shahri va 15 ta tajriba hududida joylashgan dorixonalarda joriy qilingan «Elektron resept» tizimi doirasida vujudga kelayotgan murojaatlarni qabul qilish uchun @ssv_pilotbot telegram boti tashkil qilindi.

Savol: Dorixona xodimlari bilan «Elektron resept»dan foydalanish bo`yicha o`quv mashg`ulotlari o`tkazilganmi?

Javob: Albatta, dorixonalarning 17 ming nafardan ortiq xodimlari «Elektron resept» tizimi bilan ishlash bo`yicha o`qitildi. Bundan tashqari, onlayn o`quv kurslari tashkil etildi hamda videodarsliklar tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirildi.

Savol: Surunkali kasalligi bor bemorlar bu jarayonda qanday yo`l tutadi? Har gal o`zlariga kerakli dorilar uchun qayta resept oladimi?

Javob: Surunkali xastaligi bor bemorlarga ambulator sharoitda resept yozilganda, anabolik faollikka ega ayrim dori vositalari istisno tariqasida 60 kunlik, ba`zi dori vositalari esa 90 kunlik davolash kursiga etarli miqdorda belgilanishi ko`rsatilgan.

Shuningdek, bunday bemorlarga «Elektron resept» bo`yicha kafolatlangan paketga kiritilgan dori vositalari dorixonalar tomonidan reimbursasiya dasturi asosida bepul beriladi.

Savol: Shoshilinch holatda bemorga tibbiy yordam ko`rsatish zarur bo`lsa, kerakli dori vositalarini qanday oladi?

Javob: Bunday bemorlarga shoshilinch holatlarda tez tibbiy yordam xizmati tomonidan 67 turdagi, shoshilinch qabul bo`limlari va oilaviy poliklinikalarda 34 turdagi asosiy dori vositalaridan foydalangan holda tibbiy yordam ko`rsatiladi.

Savol: Endi aholining tegishli dori vositalarini reseptsiz sotib ololmasligi hisobiga oilaviy poliklinikalar ish yuklamasi ortmaydimi?

Javob: Toshkent shahridagi 12 ta ko`p tarmoqli markaziy poliklinika va 71 ta oilaviy poliklinika hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta tuman (shahar)dagi 177 ta 1-tip, 141 ta 2-tip oilaviy poliklinika va 32 ta 2-tip oilaviy poliklinika filiallariga ularning qatnov quvvatidan kelib chiqib, aholi biriktirilgan. Shu sababli mazkur tibbiyot muassasalarining bemorlarni qabul qilish hamda ularga sifatli tibbiy xizmat ko`rsatish uchun quvvati etarli.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар