Xabaringiz bormi, O`zbekistonda soha va hududlarni rivojlantirishga jamoatchilikni jalb etish, aholi takliflarini yuzaga chiqarish, islohotlarning xalqchilligini ta`minlash maqsadida “Kelajak uchun” forumi o`tkazilmoqda.
Forum O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil14 iyuldagi “Islohotlarni amalga oshirishda istiqbolli tashabbuslarni yanada qo`llab-quvvatlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmoniga muvofiq tashkil etiladi. Buning uchun mas`ul tashkilotlar hamkorligida tizim yo`lga qo`yildi, kelajakuchun.gov.uz kraud-platformasi ishga tushirildi.
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB “Kelajak uchun” forumining asosiy hamkorlaridan biri sifatida forum yakunida tanlangan loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun sarmoyalar ajratadi.
Forum 3 ta bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda tashabbuskorlar, shu jumladan, xorijdagi vatandoshlarimiz mazkur kraud-platformaga kirib, One-ID orqali ro`yxatdan o`tadi. 5 ta ustuvor yo`nalishdan birini tanlab, taklif va loyihalari mazmunini yozadi. Platformada har bir fuqaro 5 tagacha tashabbus yo`llashi hamda jamoa bo`lib qatnashishi mumkin.
Ikkinchi bosqichda barcha yo`llangan tashabbuslar ekspertlar tomonidan o`rganib chiqiladi, ularning tavsiyasi asosida takomillashtiriladi. Yakunda eng muhim deb topilgan tashabbus va g`oyalar keyingi bosqichga o`tadi.
Uchinchi bosqichda mualliflar o`z tashabbuslarini Mentorlar kengashi ekspertlariga taqdimot qiladi. Muhokamalarda eng dolzarb deb topilgan tashabbuslar “Top-50” va “Top-10” tarzida saralanadi.
Forumning yakuniy bosqichi Toshkent shahrida o`tkaziladi. Uning sanasi va aniq joyi haqida qo`shimcha xabar beriladi.
G`olib deb topilgan 10 ta eng ilg`or tashabbus O`zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimot qilinadi. Yakunda ma`qullangan tashabbuslar hayotga tatbiq etiladi. Ularning mualliflari moddiy rag`batlantirilib, loyihalari davlat tomonidan qo`llab-quvvatlanadi.
Tanlangan tashabbuslarni tijoratlashtirish va moliyalashtirishga “Biznesni rivojlantirish banki” ATB hamda boshqa tijorat banklari, Ilm-fanni moliyalashtirish va innovasiyalarni qo`llab-quvvatlash jamg`armasi mablag`lari yo`naltiriladi.
Forumga kelib tushgan boshqa tashabbuslar davlat dasturlari, tarmoq yoki hududlar bo`yicha "yo`l xaritalari"ni shakllantirish uchun Hukumat tomonidan ko`rib chiqiladi. Forum doirasida barcha jarayonlar Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
“Kelajak uchun” - istiqbolli tashabbuslar yo`llanadigan ochiq muloqot maydoni!
Forumda qatnashib, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun o`z taklifingizni yo`llang! Aynan Sizning tashabbusingiz g`olib deb topilishi mumkin.
Ishtirok etish uchun:
Qo`shimcha ma`lumot uchun telefon:
(71) 203-03-08 (ichki raqam 197, 109)