O`ldirilgan, bedarak yo`qolgan yoki qamoqda: Dunyoda jurnalistlar bilan bog`liq vaziyat qanday?

09.12.2025 16:17

O`tgan o`n ikki oy davomida dunyo bo`ylab 67 jurnalist o`z kasbiy burchlarini bajarayotib o`ldirilgan. Ularning aksariyati urushlar yoki jinoiy tarmoqlar qurbonlari bo`lgan. Bu haqda “Chegara bilmas muxbirlar” inson huquqlari tashkilotining bugun, 9 dekabr kuni chop etilgan matbuot erkinligi bo`yicha yillik hisobotida keltirilgan.

2024 yilning 1 dekabridan 2025 yilning 1 dekabriga qadar o`tgan yilning shu davridagidek, taxminan, shuncha jurnalist halok bo`lgan. O`ldirilgan 67 jurnalistdan 53 nafari urush yoki jinoiy guruhlar qurboni bo`lgan.

G`azo sektori 29 jurnalist halok bo`lgan eng xavfli hudud bo`lib qolmoqda. 9 jurnalist o`ldirilgani bilan Meksika keyingi o`rinda. Rossiyaning keng ko`lamli bosqinidan o`zini himoya qilishda davom etayotgan Ukraina, shuningdek, Sudan va Suriyadagi jurnalistlar ham ayniqsa yuqori xavf ostida.

Tashkilot hisobotiga ko`ra, hozirda 62 davlatda 503 jurnalist qamoqda, bu o`tgan yilgidan biroz pastroq. Eng ko`p jurnalistlar Xitoy (121), Rossiya (48), Myanma (47), Belarus (33), Vetnam (28) va Ozarbayjonda (25) qamoqda. Rossiyada eng ko`p hibsga olingan xorijiy jurnalistlarning 26 nafari ukrainalik muxbirlardir. Isroil ikkinchi o`rinda, u erda 20 nafar falastinlik jurnalist hibsda.

Dunyo bo`ylab yana 135 nafar ommaviy axborot vositalari xodimlari bedarak yo`qolganlar ro`yxatida, ba`zilari o`ttiz yildan ortiq vaqtdan beri yo`qolgan. Bunday holatlar 100 dan ortiq mamlakatlarda qayd etilgan, ammo ularning aksariyati Yaqin Sharq va Lotin Amerikasida. RSF ma`lumotlariga ko`ra, Suriyada jurnalistlarning g`oyib bo`lish holatlari ayniqsa yuqori darajada qayd etilgan. Rossiyaga qochgan sobiq prezident Bashar Asad davrida g`oyib bo`lgan ko`plab ommaviy axborot vositalari xodimlari bugungi kungacha bedarak yo`qolgan.

“O`ldirilgan jurnalistlar sonining ko`pligi dahshatli. Bu armiyalar, harbiylashtirilgan guruhlar va jinoiy tarmoqlar tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli zo`ravonliklarning oqibatidir”, deydi RSF rasmiysi Anya Osterxaus.

Uning qo`shimcha qilishicha, o`ldirilgan yoki qamoqqa olingan har bir jurnalist hatto Germaniyada ham ogohlantirish vazifasini o`taydi.

“Jurnalistlarga hujum qilganlar bizni erkin ma`lumot olish huquqidan mahrum qilmoqda”, deydi u.

Huquq himoyachisi butun dunyo hukumatlarini jurnalistlarni himoya qilish choralarini ko`rishga chaqirdi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар