O`zbekistonlik migrantlarning sog`lig`i va hayotini sug`urta qilish yo`lga qo`yilishi mumkin

10.11.2025 12:02

Xorijiy davlatlarga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan O`zbekiston fuqarolarning sog`lig`i va hayotini ixtiyoriy sug`urta qilish tizimini joriy etiladi. Bu haqda hukumatning “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida fuqarolarning hayoti, sog`lig`i va boshqa tavakkalchiliklarni sug`urta qilish tizimini yanada takomillashtirish to`g`risida”gi qarori loyihasida ko`zda tutilgan.

Unga ko`ra, sug`urta kompaniyalariga mehnat migrantlari uchun imtiyozli tariflar bo`yicha xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida fuqarolarning hayoti va sog`lig`ini sug`urta qilish ishlab chiqish va joriy etish tavsiya qilindi.

Sug`urta shartnomasi shartlariga ko`ra quyidagilar sug`urtalanishi lozim:

ishga joylashishga patent yoki ishlash huquqini beruvchi hujjatni bir yilgacha bo`lgan muddatda rasmiylashtira olmaslik tavakkalchiligi (O`zbekistonga qaytarib olib kelish bilan bog`liq xarajatlarni qoplab berish uchun avia (ekonom klass) va temir yo`l (plaskart vagonlar) chiptalari haqini to`lash);
muayyan muddatda sog`ligi yomonlashishi tavakkalchiligi (tibbiy yordam ko`rsatish (davolash) bilan bog`liq xarajatlar uchun to`lov);
xorijda qiyin ahvolda qolish tavakkalchiligi (advokat xizmatlari, yuridik xizmatlar ko`rsatuvchi tashkilotlar uchun to`lov);
sog`lig`i holatiga ko`ra og`ir bemorlarni tashish holatlarida (O`zbekistonga qaytish bo`yicha, shu jumladan, og`ir bemorlarni tashishning alohida shartlarini hisobga olgan holda);
muayyan muddatda baxtsiz hodisa yoki sog`ligi holati tufayli vafot etishi tavakkalchiligi (repatriasiya xarajatlarini qoplash uchun to`lov).
Tomonlar kelishuviga ko`ra boshqa tavakkalchiliklar ham qamrab olinishi mumkin.

Sug`urta javobgarligi sug`urtalangan shaxs O`zbekiston davlat chegarasini kesib o`tgandan so`ng, agarda havo transporti orqali uchganda sug`urtalangan shaxs uchishni boshlash uchun havo transporti bortiga chiqqan vaqtdan boshlanadi.

Xorijga vaqtincha ishlash uchun ketayotgan mehnat migrantlari bilan sug`urta shartnomasi vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshiradigan muddatga tuziladi va sug`urta shartnomasi amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjat sifatida qonunchilikka muvofiq rasmiylashtirilgan sug`urta polisi beriladi.

Sug`urta shartnomasi bo`yicha sug`urta summasining eng kam miqdori shartnoma tuzilayotgan kundagi bazaviy hisoblash miqdorining 250 baravarini tashkil etadi.

Migrasiya agentligi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu qaror loyihasi muhokamasi 17 noyabrga qadar davom etadi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар