Shirkatlar nega tugatilyapti? Bugungi kunda ushbu savol keng jamoatchilik qiziqtirayotgan savollardan biri desak mubolag`a bo`lmaydi.
Qashqadaryo viloyatida mavjud 1903 ko`p kvartirali uylar 161 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga biriktirilgan bo`lib, ushbu ko`p kvartirali uylardagi umumiy joylarni, mavjud kommunikasiya tizimlarini va ko`p kvartirali uylarga tutash hududlarni yaxshi xolatda saqlanishini nazorat qilish hamda ko`p kvartirali uylarda istiqomat qiluvchi aholiga sifatli kommunal xizmatlar ko`rsatilishini ta`minlash shirkatlarning asosiy vazifasi etib belgilangan edi. Afsuski shirkatlar bildirilgan ushbu ishonchni oqlay olishmadi.
Bugungi kunga kelib viloyatdagi ko`plab ko`p kvartirali uylarni tom qismi, erto`la qismi, komunikasiya tizimlari, bolalar maydonchalari va unga tutash hududlar shirkatlar tomonidan uzoq yillardan buyon ta`mirlanmaganligi natijasida juda og`ir ahvolga tushib qolgan, deyiladi Qashqadaryo viloyat Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish boshqarmasi Axborot xizmatining telegram kanalgna joylashtirgan ma`lumotida.
Shirkatlar aholi ishonchini yo`qotganligi tufayli aholi tomonidan belgilangan majburiy badallar to`lovlari to`lanmay qo`ygan. Natijada axolining majburiy badallardan qarzdorligi 3,5 milliard so`mdan oshib ketgan. Zarur mablag`larni o`z vaqtida yig`ilmasligi shirkatlar tomonidan aholiga ko`rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini yanada yomonlashishiga olib kelgan.
Shirkatlar o`z vazifasini to`laqonli bajara olmayotganligi sababli, ko`p kvartirali uylarni ta`mirlash mahalliy byudjetga og`ir yuk bo`lib tushmoqda. Oxirgi uch yilda viloyat mahalliy byudjetidan katta mablag`lar ajratilib, ko`p kvartirali uylarda ta`mirlash ishlari amalga oshirilgan.
O`zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi, Qashqadaryo viloyat Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish boshqarmasi va Qarshi shahar xokimligi mutaxassislaridan tuzilgan ishchi guruh Qarshi shahrining xududiy bo`linishidan kelib chiqib, O`zbekiston Respublikasining 2019 yil 7 noyabrdagi “Ko`p kvartirali uylarni boshqarish to`g`risida” gi qonunda belgilangan tartibda axoli roziligi bilan mavjud 694 ta ko`p kvartirali uylarga xizmat ko`rsatayotgan 88 ta uy-joy mulkdorlari shirkatlarini tugatib, 10 ta Boshqaruv sevis kompaniyalarini tashkil etish rejasini ishlab chiqqan edi. Bugungi kunda ushbu rejani amaliyotga tadbiq etish bo`yicha mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda keng ko`lamli ishlar boshlab yuborilgan. Hududlarda aholi bilan Boshqaruv servis kompaniyalarini tashkil etish bo`yicha uchrashuvlar o`tkazilmoqda.