Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasi yil boshidan beri 3615 ta savdo va xizmat ko`rsatuvchi tashkilotda davlat tilidan foydalanish qoidalariga rioya etilishi bo`yicha tekshiruvlar o`tkazdi. Bu haqda qo`mita matbuot xizmati xabar berdi.
Tekshiruvlar chog`ida ishlovchilar yozuvlar, e`lonlar va ovozli xabarlarda davlat tilining to`g`ri qo`llanilishini o`rgandi. 2 510 ta holatda chet tilidagi so`zlardan foydalanish yoki grammatik xatolar qayd etildi. Shundan 1 993 tasi joyida bartaraf etilgan. Biroq 21 ta holatda ma`muriy javobgarlikka tortish uchun ish ochildi.
Qo`mita, shuningdek, 2 900 dan ortiq tashkilot va korxonaga rasmiy ogohlantirish xatlari yuborganini, bozorlar, dorixonalar, umumiy ovqatlanish va savdo markazlari xodimlari bilan tushuntirish ishlari olib borilganini ma`lum qildi.
Aksilmonopoliya qo`mitasi tahliliga ko`ra, so`nggi yillarda tashkil etilgan kompaniyalarning 20 foizidan ziyodi o`z nomlarida «chet tilidagi yoki o`zbek tili mezonlariga mos kelmaydigan so`zlar»dan foydalanmoqda. Samarqand viloyatida bu ko`rsatkich 40 foiz, Andijon va Sirdaryo viloyatlarida 30 foiz, Namanganda esa 26 foizni tashkil etgan.
Masalan, Buxoro viloyatida 2024 yilda ro`yxatdan o`tgan 5 mingta kompaniyadan 300 tasining nomi chet tilidagi so`zlarni o`z ichiga olgan. Bu raqam 2024 yilning birinchi choragida keskin oshgan — 1 203 firmaning 245 tasi chet tilidagi nom bilan qayd etilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan mutasaddi idoralar tomonidan zarur chora-tadbirlar belgilanib, davlat tilida axborot taqdim etilishini ta`minlash bo`yicha tushuntirish va profilaktik ishlar olib borilmoqda, deyiladi qo`mita xabarida.