Jinoyat hamda Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xodimlarining formali kiyim-boshini qonunga xilof ravishda kiyib yurish holatlarining oldini olishga qaratilgan o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi e`lon qilindi.
Jinoyat kodeksi 56-moddasi birinchi qismining “o” bandi quyidagi tahrirdagi “o” va “p” bandlari bilan almashtiriladi:
o) mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoxud kishining aql-idrokiga ta`sir qiluvchi boshqa moddalar ta`siri ostida jinoyat sodir etish;
p) hokimiyat vakili bo`lmagan shaxs tomonidan hokimiyat vakilining xizmat kiyimi yoki hujjatlaridan foydalangan holda jinoyat sodir etish”.
Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 209-1-moddasi quyidagi tahrirda bayon qilinadi:
“209-1-modda. Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xodimlarining formali kiyim-boshini qonunga xilof ravishda kiyib yurish, harbiy va idoraviy formali kiyimga o`xshash formali kiyim-boshni joriy etish va ulardan foydalanish
Formali kiyim-bosh kiyib yurishi nazarda tutilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar harbiy xizmatchilari hamda xodimlarining tasdiqlangan namunadagi harbiy, idoraviy va maxsus formali kiyim-boshini, shuningdek, ushbu turdagi formali kiyim-boshining farqlovchi belgilari va (yoki) ramzlariga ega formali kiyim-boshini bunday huquqqa ega bo`lmagan shaxslar tomonidan kiyib yurish – formali kiyim-boshni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
Matosining rangi, tikilish uslubi, farqlovchi belgilari va boshqa predmetlari harbiy va idoraviy formali kiyim-bosh predmetlarini takrorlovchi yoki unga o`xshash kiyim-boshni joriy etish yoki ulardan foydalanish – formali kiyim-boshni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o`n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi”.