O`zbekiston Senati tashuvlar sohasida javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonunni ma`qulladi.
Unga ko`ra, xalqaro va shaharlararo avtomobil tashuvlarini amalga oshirishda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimini buzish – bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravari (hozirda 2 mln 884 ming so`m) miqdorida jarima solishga sabab bo`lishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, temiryo`l transportida va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi talablarini hamda yo`lovchilarni, bagajni va yuk bagajini tashish qoidalarini buzganlik uchun ham ma`muriy jarima belgilanyapti.
Qayd etilishicha, 2023 yil davomida metropolitenda 172 mln, yo`lovchi poezdlarda 9,3 mln yo`lovchi tashilgan bo`lsa, 2024 yilda metropolitenda 270 mln, yo`lovchi poezdlarda 10 mln 70 ming, shuningdek, avtomobil transportida 8 milliarddan ortiq yo`lovchi tashilgan. Bundan tashqari, 2024 yil davomida temir yo`l transportida 102,7 mln tonna yuk tashilgan bo`lsa, avtomobil transportida 2 mlrd tonnadan ortiq yuk tashilgan.
Bu holat yo`lovchi va yuklarni manziliga o`z vaqtida xavfsiz etkazish, ularga xizmatlar ko`rsatish jarayonining uzluksizligi, sifatliligi, barqarorligi va ishonchliligini ta`minlashni taqozo etmoqda.
Amaldagi qonunchilikda temiryo`l tashishlari xavfsizligini ta`minlash bo`yicha kamchiliklar va huquqbuzarliklar aniqlanganida Transport nazorati inspeksiyasi yuridik shaxsga nisbatan faqat ko`rsatma berish huquqiga ega.
Jumladan, temiryo`l transporti hamda metropolitenda 2024 yilda harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining qo`pol buzilishi bilan bog`liq 130 ta hodisa sodir etilgan. Natijada harakatdagi tarkib va temir yo`l infratuzilmasiga qariyb 4 mlrd so`m moddiy zarar etkazilgan. Xuddi shuningdek, avtomobil yo`llarining tartibga solinmagan temiryo`l kesishmalarida poezdlar va avtotransport vositalari ishtirokida 2024 yilda 38 ta yo`l transport hodisasi sodir bo`lgan va buning oqibatida 11 kishi halok bo`lgan.
Shu sababli, tashishlar xavfsizligini ta`minlash bo`yicha qoida va talablarni buzganlik uchun mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari (hozirda 4 mln 120 ming so`m) miqdorida jarima belgilanmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.