Talabalari eng ko`p jinoyat qilayotgan OTMlar nomi aytildi

06.09.2025 08:32



Oliy Majlis Senatining 4 sentyabr kuni bo`lib o`tgan yalpi majlisida talabalar o`rtasida jinoyatchilikning oldini olish yuzasidan oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vaziri Kongratbay Sharipovga parlament so`rovi yuborildi.

Qayd etilishicha, oliy ta`lim muassasalarida ta`lim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish, talabalarning bo`sh vaqtini mazmunli o`tkazish, ular bilan ma`naviy-ma`rifiy ishlar olib borish hamda ota-onalar bilan uzviy hamkorlikni kuchaytirish masalalari e`tiborni kuchaytirishni talab etmoqda. Ushbu yo`nalishdagi ishlarning etarli darajada tashkil etilmagani talabalar o`rtasida nosog`lom muhit yuzaga kelishiga, ayrim hollarda esa huquqbuzarlik va jinoyatchilikka olib kelayotgani kuzatilmoqda.

2024 yilda talabalar ishtirokida 761 ta jinoyat sodir etilgan bo`lsa, 2025 yilning 6 oyi davomida 102 ta OTMning 307 nafar talabasi tomonidan jinoyat sodir etilgani bu masalaga jiddiy e`tibor qaratish zarurligini ko`rsatmoqda, deyiladi xabarda.

Xususan, jinoyatlarning asosiy qismini yo`l-transport hodisalari, o`g`rilik, tan jarohati etkazish, bezorilik, firibgarlik kabi jinoyatlari tashkil etgan. Hududlar kesimida jinoyatlarning aksariyati Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro, Namangan, Andijon, Samarqand, Farg`ona, Surxondaryo viloyatlariga to`g`ri keladi.

OTMlar kesimida esa jinoyatlarning katta qismi Toshkent davlat transport universiteti, O`zbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hissasiga to`g`ri kelmoqda.

Ayrim muassasalarda ta`lim jarayonini muntazam nazorat qilish, talabalarning dars mashg`ulotlariga qatnashi etarli darajada monitoring qilinmagani oqibatida talabalar tomonidan dars vaqtida, ya`ni soat 08:00 dan 16:00 gacha bo`lgan davr mobaynida jinoyatlar sodir etilgan, deb ta`kidlandi xabarda.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yildagi «Respublika oliy ta`lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarorida tyutorlarni biriktirish tartibi belgilangan bo`lsa-da, ayrim oliy ta`lim muassasalari tomonidan ushbu talabga rioya qilinmagani aytildi. Talabalarning yotoqxonalarga kirib-chiqishi, yashashi hamda tungi vaqtda bo`lishi ustidan nazorat etarli darajada emas.

Bundan tashqari, ta`lim sohasidagi korrupsiya holatlari ham tanqid qilindi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар