Ta`lim krediti – yoshlar kelajagiga sarmoya

04.09.2025 18:32

“Biznesni rivojlantirish banki” ATB mamlakatimizda ta`limni qo`llab-quvvatlash va yoshlarning bilim olishiga ko`maklashish borasida etakchi moliya-muassasalaridan biri hisoblanadi. Jumladan, talabalarga ta`lim krediti ajratish orqali yoshlar kelajagiga muhim sarmoya kiritmoqda. 

Xususan, bank tomonidan joriy yilning joriy yil 1 sentyabrga qadar 22 988 nafar talabaning tahsil olishi uchun jami 220,3 mlrd so`m ta`lim krediti ajratildi. Yil yakuniga qadar yana kamida 60 mlrd so`m kredit ajratish rejalashtirilgan. 

Joriy yilning 4 sentyabr kuni bank tomonidan Toshkent xalqaro moliyaviy boshqaruv va texnologiyalar universitetida (TIFT) o`tkazilgan ochiq eshiklar kuni ham ayni mavzuga bag`ishlandi.  

Tadbirda mutaxassislar “Biznesni rivojlantirish banki” tomonidan oliy, o`rta maxsus va professional ta`lim tashkilotlarida to`lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalar uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Ta`lim kreditini moliyalashtirish jamg`arma mablag`lari hisobidan ajratilayotgan ta`lim krediti haqida batafsil ma`lumotlar berdi. 

Mazkur kredit oliy ta`lim tashkilotlarining birinchi bosqich talabalari, professional ta`lim tashkilotlari o`quvchilari hamda “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kiritilgan oilalar a`zolari uchun kredit to`liq to`lov-kontrakt summasi miqdorida ajratiladi.  

Ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalari uchun esa talabaning fanlarni o`zlashtirish o`rtacha ko`rsatkichi – GPA (grade point average) hisobga olingan holda to`lov-kontrakt summasining kamida 80% to`lab beriladi. 

Kredit foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy foiz stavkasi miqdorida ajratiladi. Bunda Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, ta`lim krediti bo`yicha foiz stavkasi mutanosib ravishda pasaytiriladi, oshirilgan taqdirda esa foizlar o`zgarmaydi.  

Ta`lim kreditining ijtimoiy ahamiyatini oshiradigan yana bir jihat shundaki, xotin-qizlarga ajratilgan ta`lim krediti uchun hisoblangan foizlar Ta`lim kreditini moliyalashtirish jamg`armasi mablag`lari hisobidan qoplab beriladi. 

Bankda bakalavr hamda magistraturaning kunduzgi, sirtqi va kechki ta`lim shaklida hamda tabaqalashtirilgan to`lov-kontrakt asosida o`qiyotgan talabalar, shuningdek o`quv kurslarida tahsil olayotgan o`quvchilar uchun “Ta`lim orzusi” mikroqarz mahsuloti joriy qilingan. Ushbu mikroqarz bo`yicha 100 mln so`mgacha mablag` ajratiladi. 

“Biznesni rivojlantirish banki” ATB yoshlarimizning har tomonlama bilimli va raqobatbardosh kadrlar bo`lib voyaga etishi uchun kelgusida ham shunday loyihalarni izchil davom ettiradi. 

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар