O`zbekiston futbol assosiasiyasi 2026 yilda O`zbekiston uchun tarixdagi ilk jahon chempionatida jamoani boshqaradigan bosh murabbiyni qidirib, bir necha takliflarni ko`rib chiqqani bo`yicha xabarlar tarqaldi. Ammo ulardan rad javobi olgandan so`ng portugaliyalik murabbiy Paulu Bentu variantida to`xtalgan. Biroq Record nashrining xabar berishicha, Paulu Bentu O`zbekistonning bu taklifini rad etgan.
Xabarga ko`ra, 56 yoshli murabbiy ushbu loyiha uchun O`zbekistonda unga zarur shart-sharoitlar mavjud emas deb hisoblagan.
Paulu Bentu qanday tajribaga ega?
Paulu Bentu Braziliyaning "Kruzeyro", Gresiyaning "Olimpiakos" va Xitoyning "Chunsin Lifan" klublarida ishlagan. Mart oyida Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimidan kutilmaganda bo`shatilgan.
Yangi murabbiy kelishiga Temur Kapadzening munosabati qanday?
Temur Kapadze bo`lib o`tgan CAFA Nations CUP musobaqa oldidan matbuot anjumanida mutaxassis Paulu Bentu haqida ham to`xtalib, barchasi rahbariyatning xohishlariga bog`liq ekanini ta`kidlagan.
“Biz mashg`ulotdamiz. Ko`rdik, murabbiy kelganini. Qanday kelishuv bo`lgani haqida xabarimiz yo`q. Bu terma jamoa biz uchun eng yaxshisi bo`lishini tilaymiz. Xayrli bo`lsin. Men haqimda iliq fikrlar bildirganlarga minnatdorlik bildiraman.
Rahbariyat ham tajribali va JChni ko`rgan mutaxassisni olib kelish niyatida. O`ylaymanki, bu balki yaxshilikka. Biz ham doim vatanimiz termasi uchun yordam beramiz",—deydi murabbiy.
Shuningdek, keyingi suhbatda O`zbekiston—O`mon o`yinidan keyin Temur Kapadze internetdagi murabbiylar haqidagi keldi-ketdilar ham ularni chalg`itayotganini bildirgan edi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Kapadze qila olmagan ishni Bentu ham qila olmasa, sarflangan shuncha mablag`lar nima bo`ladi, kabi savollar tug`ildi. Ammo bu savollarga hali javob yo`q. Chunki, tegishli mutasaddilar yangi murabbiy haqida hali to`liq rasmiy ma`lumot taqdim etmagan. Taklifning rad etilgan-etilmagani bo`yicha ham hali munosabat bildirilmadi.
Ma`lumot uchun, Timur Kapadze murabbiyligidagi futbol bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasi jahon chempionati yo`llanmasini qo`lga kiritgan. Bu 34 yil kutilgan natija deb baholandi.
Shuningdek, O`zbekiston olimpiya terma jamoasi Parij-2024 yozgi Olimpiya o`yinlariga ham Timur Kapadze murabbiyligida ilk bor ishtirok etgan edi.