Davlat idoralarida xodimlar 24 soatgacha ishlaydi. Nega? Ish ko`pmi yoki xodimlarning mehnat unumdorligi pastmi?

16.03.2021 18:33

 

 

 

Davlat idoralari va tashkilotlarida xodimlar kech soat nechigacha ishlaydi?

Ish vaqtining belgilangan vaqtdan ortib ketishi va bu ish unumdorligiga zarar ekanligi haqida ko`p gapirildi va tegishli qonunlar ham ommaga eslatildi. Lekin, bugun vazirlarning gaplari o`zlarining ham eslarida yo`q shekilli. rost24.uz muxbirlari kech soat 18:00, 21:00 davlat idoralarini kuzatib suratga oldi. Suratga qarab o`zingiz baho bering, tashkilotlarda chiroq o`chmagan, bino atrofidagi avtomobil qo`yish joylari to`la va hatto bino ichida qog`oz ko`tarib yurgan xodimlar ham yaqqol ko`rinib turibdi.

TAShQI IShLAR VAZIRLIGI
MILLIY BANK

So`z va amal bir xilmi?

2020 yil boshida Vazirlar Mahkamasi farmoyishi bilan vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlariga mehnat qonunlari va ishchilarning mehnat huquqlariga qat`iy rioya qilish buyurilgan. Davlat organlariga ish vaqti tugagandan keyin xodimlarni ushlab turish xodimlarning ish unumdorligi pasayib ketishi hamda moddiy ta`minot (elektr energiyasi, tabiiy gaz, orgtexnika va boshqa) xarajatlarining ko`payishining oldini olish maqsadida O`zbekiston Mehnat kodeksi va «Mahalliy davlat hokimiyati to`g`risida»dagi qonunning 6, 25-moddalariga muvofiq ish tutilishi qat`iy ta`kidlangan edi.

O`tgan yilning 3-4 fevral kunlari davlat organlari ushbu buyruqni bajarish to`g`risida buyruqlar qabul qildi va ommaviy axborot vositalarida bu haqida rosa maqtab gapirildi. Birinchilardan bo`lib matbuot anjumani o`tkazgan Adliya vaziri Ruslanbek Davletov “24 soat emas, aql bilan ishlash kerak” degandi. 

O`shanda u Adliya vazirligida xizmat kompyuterlari ish kuni yakunlangach, avtomatik ravishda o`chirilganini. Rahbariyat xodimlarning mehnat soatidan tashqari ishxonada qolib ketishiga qarshi kurashmoqchi ekanini OAVga gapirib bergan. Bu tajriba samara bermagan chog`i hozirda 18.00 tugul 21.00 dan keyin ham adliya vazirligida chiroqlar yoniq. Vaholanki, janob vazir 2020 yil 3 fevral kuni bu tizim samara berayotganini aytgan edi:

«Adliya tizimida shuni yo`lga qo`ydik, nazorat ham qilyapmiz. Bu unumdorlikka ham ta`sir qilyapti. Keyin ko`p ishlashning ikki yuzli muammosi bor: birinchisi, ish beruvchi tomonidan majbur qilib o`tirish bor, ikkinchisi, ishchining o`zi o`tirishi bor. O`tir, demasa ham shunaqa bir korporativ madaniyat shakllanganki, Yaponiyada boshliq ketmasdan hammasi o`tiraveradi. Koreya ham xuddi shunday: ko`p ishlash muammosi bor. Lekin bizda, asosan, ish beruvchining majburlashi orqasidan o`tiradigan holatlar ko`proq. O`zbekistonda shuni biz tahlil qilib, o`chirishga majbur bo`ldik», — degan edi vazir o`shanda.

Vazir ishdan tashqari soatlarda ham ishlaydigan xodimlarning faoliyatidagi salbiy natijalarni sanab o`tgan. Unga ko`ra, mehnat soatidan keyin ishxonada qolgan xodim:

oilaviy munosabatlar va yaqinlariga ko`p vaqt ajratmaydi;

ish rejasi noto`g`ri tashkil etiladi;

energoresurslardan oqilona foydalanmaydi;

uning mehnat mahsuldorligi tushib ketadi.

Bu gaplardan ko`rinib turibdiki, vazir ishdan tashqari ishlashning salbiy oqibatlarini anglaydi? Lekin, nega amal qilmaydi? Bu gaplar shunchaki OAV uchun aytilganmidi yoki yosh vazirimiz yillar davomida shakllangan an`anaga qarshi chiqaverishdan charchadimi?

2020 yil boshida bu holatni qoralab chiqqan vazirlik faqat Adliya vazirligi emasdi. Davlat mehnat inspeksiyasining ish vaqtidan tashqari va dam olish kunlari xodimlarni ishga jalb qilish bo`yicha mehnat qonunlariga rioya etilishini nazorat qilishi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanovning buyrug`ida ham aks etdi.

Bu nazorat natijalarini biz ko`rganimiz yo`q. To`g`ri biroz avval Davlat mehnat inspeksiyasi xodimlarni ish vaqtidan tashqari va dam olish kunlari ishlatish taqiqlanadi, deya ikki enlik xat bilan OAVda eslatib o`tgan edi

Kimga foyda kimga zarar?

Biz vazirliklarda ishlaydigan xodimlar bilan ham suhbatlashdik:

 – Xo`sh bu masalani ko`tarishni nima keragi bor, deydi o`zini tanishtirishni istamagan mulozim. – O`tgan yili bu qoida joriy etilgandi. Nima bo`ldi? Ishlaydigan xodim qiynaldi. Bizda mehnat taqsimoti to`g`ri yo`lga qo`yilmagan. Ayrim xodimlar o`shanda 18.00 bo`lishi bilan kompyuterini o`chirdi va ketdi. Telefonlarini ham o`chirdi. Vijdoni borlar esa, ishini qo`ltiqlab uyiga borib ishladi. Davlat idoralarida har xil xodimlar bor. Kimdir o`z ishini sidqidildan bajaradi, kimdir o`z ishini boshqalarga uzatish bilan shug`ullanadi. Siz aytayotgan qoida o`shandaylarga qo`l keladi. Ular muomalasi bilan yutib ketaverishadi. Ishni qilsa ham xato bajaradi va hammasi yana ish biladigan odamni bo`ynida. Ish biladiganlar soni esa afsuski kam...

– Qo`shimcha ishlaganingizga pul beriladimi?

– Yo`q. “Premiyalar” beriladi, lekin bundayam boshliqqa kim yoqsa, yaqin tanishi bo`lsa o`shanga ko`proq beriladi. Ishga qarab kamdan kam rahbarlar mukofot puli yozsa kerak. Shu sababli ham yaxshi ish bera oladigan xodimlar uzoq qolmayapti davlat idoralarida...

Boshqa vazirlikni xodimi esa, biroz boshqacharoq asoslarni aytib berdi. Unga ham bosim bo`lishi mumkinligi, hozirgi sharoitda ishdan bo`shay olmasligini aytib shunday fikr bildirdi:

– Hamma narsa kattaroq tuzilmalarga borib taqaladi. Aytaylik vazir soat 18:00 da boshlanadigan qandaydir majlisga ketdi. U shu kuniyoq kelib odatda yana majlis o`tkazadi. O`sha kuni olgan topshirig`imizni ertasi kuni bajarishimiz kerak. Juda kam muhlatga katta topshiriqlar beriladi. Yana bir jihat turi hisobot-u, tablisalar, ularning ayrimlari umuman maqsadsiz bo`ladi. ularni to`ldirib jo`natamiz. Qolaversa turli uchrashuvlar, yig`ilishlar va OAVlarning savollariga javob berishgayam vaqt ketadi. Bularni hammasini esa bir ish kunida tugatib bo`lmaydi. To`g`risi rosa charchaganman... Hozir 10 bo`ldi, uyga ketayapman, ertaga 9 da yana ishda bo`lishim kerak...

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
8
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
30.10.2021 15:28
ha ish vaqtini aniq 18 00 qilib qattiy nazoratga olish kerak hammani ham oilasi bor vaqtida borib dam olish kerak i usha ish bermidigan hodimlarni ham ish unumdorligini kun davomida nazoratga olib,har bitta hodimga berilgan topshiriq rejasini 18 00gacha tamomlaydigan darajada ish tashkil qilish kerak.Vaqtida ketgan hodim albatta ozida charchogi chiqib ozida yengilik his qiladi va bu albata ish unumdorligini oshirishga sabab boladi albatta.
19.03.2021 20:22
Ассалому алайкум жудда Зур макола бу́либди
18.03.2021 08:16
rost24 нега ёлғон ёзмоқда? Давлат идораларида ходимлар 24 соат ишлаётганига далилингиз борми? Ёки сизлан АКТ вазирлигининг буюртмаси билан ёздингизми бу мақолани? Боринг ана соат 9 дан сиз ёзганингизде 21-00 гача ишлаган хам бўлса бу 24 соат дегани эмаску, 12 соатку, наҳотки санашни билмасангиз? Ташқи ишлар вазирлиги кўп мамлакатлар билан ишлаши, уларнинг иш вақти часавой поясга қараб турлича эканига ақлингиз ётмадими ёки фаросатингиз? Аниқроғи - сиз заказга ёзадиган сотқин журналист эканлигиздир балки?
18.03.2021 06:57
Фойдаси йук, барибир соат 6 дан кейин текинга ишлатишади. У хам етмагандай, эрталаб 9 дан кейин ишга кеч келса, тушинтириш хати езгин дейди. Бунака мантиксиз иш фаолият факат бизнинг Узбекимионда бор.
17.03.2021 14:10
Нима кераги бор экан а натижаси бўлган масалаларни кўтариб чиқиб, барибр фойдасиз эканлигини ҳамма биладику.
17.03.2021 08:18
Kimdir nazorat qilish kerak-ku odam ezilib ketdi. Bolalarni ko'rish uchun yuyga boramiz