So`nggi choraklarda O`zbekistonda real ish haqining o`sishi mintaqadagi davlatlar bilan solishtirganda nisbatan pastroq shakllanmoqda. Bu haqda Markaziy bank e`lon qilgan «Mehnat bozori sharhi»da keltirilgan.
Ungga ko`ra, joriy yilning yanvar-mart oylari davomida Markaziy Osiyo davlatlarida real ish haqining o`rtacha o`sishi 9,8 foizni, ayrim Kavkaz davlatlarini hisobga olganda esa 9,1 foizni tashkil etgan.
«Iqtisodi o`xshash mamlakatlarga nisbatan mazkur tafovutning uzoq muddat saqlanib qolishi kelgusida O`zbekiston mehnat bozori ishtirokchilarining xarid qobiliyati pasayishiga va talabning susayishiga olib keladi», — deyiladi sharhda.
2025 yilning II choragida O`zbekistonda mehnatga haq to`lashning eng kam miqdori 91 AQSh dollarini tashkil etgan. Eng yuqori minimal ish haqi miqdori esa Belorus (243 AQSh dollari), Ozarbayjon (235 AQSh dollari) va Mongoliya (222 AQSh dollari) davlatlariga to`g`ri keladi.
O`zbekistonda yillik minimal ish haqining aholi jon boshiga YaIM hajmiga nisbati 35 foizga teng bo`ldi. Ushbu ko`rsatkichning yuqoriroqligi mamlakatda daromadlar boshqa davlatlarga nisbatan tengroq taqsimlanganligini ko`rsatsa, nisbatning pastligi aksincha daromadlarning notekis taqsimlanganligidan dalolat beradi.
Mintaqa davlatlari orasida Qozog`iston (14 foiz), Qirg`iziston (14 foiz) va Gruziya (12 foiz) davlatlarini hisobga olmaganda, boshqa davlatlar, jumladan O`zbekistonning ushbu ko`rsatkichlari yuqoriroq va bir-biriga yaqin shakllangan.