Joriy yil aprel—iyun oylarida mamlakatdagi qator sohalarda ishchi kuchiga talab yuqori shakllandi. Bu bo`yicha Markaziy bank ochiq manbalarda onlayn e`lon qilib boriladigan ish o`rinlari ma`lumotlarini o`rgandi.
Eng ko`p ish takliflari qaysi sohalarda?
Tahlilga ko`ra, 2025 yil II choragida mehnat bozorida taklif etilayotgan bo`sh ish o`rinlari soni I chorakdagidan 28,7 foizga oshgan. Eng ko`p ish takliflarini savdo (19,4 foiz), umumiy ovqatlanish (17,5 foiz) va ishlab chiqarish (16,8 foiz) korxonalari bildirgan.
O`tgan chorakda maxsus ko`nikma va malakaga ega bo`lgan ish qidiruvchilar tomonidan foydalaniladigan manbalarda faol mehnat arizalari (rezyumelar) soni ko`paygan. Savdo, xizmat ko`rsatish, marketing va reklama sohalarida rezyumelar soni sezilarli oshgan. Shu bilan birga, joriy yil davomida onlayn ish qidirish faolligi dinamikasi so`nggi yillarga nisbatan pasayish tendensiyasini namoyon etgan.
“2025 yil II choragida vakansiyalar soni o`sishi mavsumiy omillar, jumladan iqtisodiy faollik jonlanishi va talab oshishi bilan bog`liq. Biroq vakansiyalar soni ortib borishi sharoitida onlayn ish qidirish faolligi pasayishi mehnat bozorida talab va taklif o`rtasida nomutanosibliklar kuzatilayotganini bildiradi”, deyiladi manbada.
Ish o`rinlari bilan bog`liq vaziyat
Markaziy bank o`tkazgan iqtisodiy faollik bo`yicha so`rovda kelgusi oylarda ish o`rinlari sonini oshirishni kutayotgan tadbirkorlar ulushi pasaygan. Jumladan, II chorak davomida o`rtacha 30,2 foiz (I chorakda 36,3 foiz bo`lgan) tadbirkorlar kelgusi uch oyda ish o`rinlari sonini oshirishini bildirgan. Ish o`rinlarini ko`paytirishini qayd etgan tadbirkorlar ulushidagi pasayish asosan sanoat va xizmatlar sohalarida kuzatilgan. Bunda sanoat sohasidagi respondentlarning 26,8 foizi (o`tgan yil mos davrida 33,7 foiz), xizmatlar sohasida esa 29,1 foizi (32,4 foiz) kelgusi davrlarda ish o`rinlari sonini oshirishni rejalashtirgan.
O`tgan chorakda ish o`rinlari sonini joriy holatda saqlab qolishni bildirgan tadbirkorlar ulushi I chorakdagi o`rtacha 56,4 foizdan II chorakda 61,2 foizgacha o`sgan.
2025 yil II choragida mamlakatda ish haqining nominal o`sish sur`ati yillik 17,2 foiz, real o`sish sur`ati 7,3 foiz bo`lgan.
“Bunda o`rtacha oylik ish haqi qariyb 6 million so`mga teng bo`ldi. Sohalar kesimida moliya va sug`urta, axborot hamda kommunikasiya xizmatlari yo`nalishlarida o`rtacha ish haqining boshqa sohalarga nisbatan yuqori shakllanishi saqlanib qoldi (mos ravishda 16,3 va 14,8 million so`m)”, deya qayd etgan Markaziy bank.
II chorak davomida axborot, transport va ijtimoiy xizmatlar xodimlarining ish haqi qolgan tarmoqlar ishchilarinikiga qaraganda real va nominal qiymatlarda yuqoriroq o`sgan. Ish haqining eng kam o`sishi qurilish sohasida kuzatilgan. Quruvchilar o`rtacha ish haqi nominal qiymatda yillik 6,1 foizga oshgan bo`lsa-da, real qiymatda 2,8 foizga kamaygan.