Toshkentda 4 yoshli bola tarvuzdan zaharlanib, vafot etdi

22.08.2025 20:21

Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 16 avgust kuni Toshkent shahridagi 4-son Shahar yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasida 4 yoshli bolaning vafot etganiga doir xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Sog`liqni saqlash bosh boshqarmasi munosabat bildirdi.

Voqea qanday boshlandi?

Qayd etilishicha, joriy yilning 15 avgust kuni soat 08:30 da 2021 yilda tug`ilgan Z.A. ota-onasi tomonidan 4-son Shahar yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasiga ketma-ket qayt qilish, tana haroratining ko`tarilishi, ich ketishi, holsizlik va qorin og`rig`i shikoyatlari bilan olib borilgan. Bemorning onasidan shu zahoti epidemiologik anamnez yig`ilgan. 

Ma`lum bo`lishicha, oilaning 3 nafar farzandida uyda tarvuz iste`mol qilinganidan so`ng ketma-ket qayt qilish, ich ketish, tana harorati ko`tarilishi belgilari kuzatilgan. Uchala bemor yuqorida nomi keltirilgan shifoxonaga yotqizilgan. 

Aynan Z.A.da qayt qilish kuchli shaklda kechgan, shuningdek, ichning suyuq ketishi va tana haroratining 38 darajagacha ko`tarilishi hamda qorin og`rig`i kuzatilgan. Unga “o`tkir ichak infeksiyasi, gastroenterokolit turi. Asorati: toksikoz-eksikoz 1-2 daraja” tashxisi qo`yilgan.

Bolaning o`limiga nima sabab bo`lgan?

Bola shifoxonaga keltirilishi bilan umumiy va bioximik qon, najas va siydik umumiy tahlillari qilingan. Bakteriologik ekma olingan va qorin bo`shlig`i ultratovush tekshiruvidan o`tkazilgan. Suvsizlanishni (tana harorati balandligi, ketma-ket qayt qilish alomatlari) inobatga olgan holda davolash rejasi tuzilgan. Shu asosda suvsizlanishni bartaraf etish uchun tomir ichiga suyuqlik yuborish muolajasi o`tkazilgan va antibiotik (etiotrop) terapiya boshlab yuborilgan.
  
Ana shu sa`y-harakat natijasida 1 sutka davomida bolada tana harorati 37,7 darajada bo`lgan, ich ketish kamaygan, qayt qilish va ko`ngil aynish belgilari esa saqlanib qolgan. Bola davolovchi bo`lim shifokori nazoratida bo`lib, tibbiyot xodimlari tomonidan konsilium o`tkazilgan hamda qo`shimcha davolash rejasi belgilangan. 

Bildirilishicha, bemor soat 20:40 va 23:00 da navbatchi shifokor tomonidan tekshirilgan. Ko`rik vaqtida qusish 4-5 marta davom etgani va tana harorati 37,7 bo`lgani, suvsizlanish belgisi saqlangani kuzatilgan. Suvsizlanish kuchayishining oldini olish uchun tomir ichiga suyuqlik va qusishga qarshi dori vositasi yuborilgan. Onasi tungi soat 01:50 da navbatchi hamshiraga bolani ko`rsatgan. Hamshira bemor ahvolini ko`rishi bilan uni reanimasiya bo`limiga o`tkazgan. U erda 40 daqiqa davomida reanimasiya shifokori, navbatchi shifokor va tibbiyot xodimlari tomonidan reanimasion tadbirlar bajarilgan. Yuqori nafas yo`li elektrootsos yordamida tozalangan (elektrootsos ishlashi uchun, ya`ni manfiy bosim hosil qilish uchun elektrootsos apparati ichiga 1-2 litr suv quyiladi), ambu qopchasi yordamida nafas berilgan, bilvosita yurak yopiq massaji o`tkazilgan, kerakli shoshilinch tez yordam dori vositalari yuborilgan.

Ko`rilgan tezkor reanimasion tadbirlarga qaramay, bolada soat 02:30 da biologik o`lim qayd etilgan. Tashxis: “O`tkir yuqumli ichak kasalligi, gastroenterokolit turi. Aspirasion sindrom”. Bola Respublika sud-tibbiy ekspertizasiga yuborilgan va ushbu muassasaning dastlabki tashxisi ma`lum qilingan:  “o`pka-yurak etishmovchiligining boshqa turlari, A09 ichak infeksiyasi bilan bog`liq, deb taxmin qilingan diareya va gastroenterit”. 

Bildirilishicha, hozirgi vaqtda Z.A.ning o`limi bo`yicha huquq-tartibot idoralari tomonidan tekshiruv olib borilmoqda. Mazkur tekshiruv va Respublika sud-tibbiy ekspertizasining yakuniy xulosasidan so`ng bolaning o`limi yuzasidan yakuniy ma`lumot beriladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар