Toshkentda qurilish ishlari noqonuniy boshlangan ko`p qavatli bino aniqlandi

21.08.2025 15:02

Ijtimoiy tarmoqlarda Yakkasaroy tumani, Salar ko`chasi, “Dilbuloq” mahallasida joylashgan ko`p qavatli uylar hududida er cho`kishi yuzaga kelgani haqida xabarlar tarqaldi. Holatga Toshkent shahar qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi. 

Xabarga ko`ra, mazkur hududdagi qurilish ishlari “Lyuks Loyiha” MChJ tomonidan ishlab chiqilgan loyiha hujjatlari asosida amalga oshirilmoqda.  

Loyihaning G4-bloki “Arxitektura va shaharsozlik kengashi”dan ijobiy xulosa olgan bo`lsa-da, “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUKdan xulosa olinmagan. Shu bois mazkur blok inspeksiyada ro`yxatdan o`tmagan va qurilish ishlari noqonuniy boshlangani aniqlangan. Holat yuzasidan inspeksiya tomonidan tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma`lumot berilgan.

Shuningdek, o`rganish jarayonida buyurtmachi “O`zKomMaishiySavdo” MChJ tomonidan G4-blok uchun kotlovan qazish ishlari olib borilayotganda hududdagi elektr transformatorida nosozlik yuzaga kelgani aniqlangan. Shu sababli kotlovandagi sizot suvlarini chiqarish imkoni bo`lmagan, oqibatda suv darajasi ko`tarilib ketgan. So`ngra qo`shni “Grand Capital” MChJ tomonidan ilgari qurilgan erosti avtomashina turarjoyining qayta ko`milgan joylarida tuproq siljishi yuz berib, sirpanishga sabab bo`lgan.

Hozirda inspeksiya tomonidan mazkur holat bo`yicha qo`shimcha o`rganish ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Ko`p qavatli uylar hududida er cho`kishi “baxona”sida mazkur hududdagi noqonuniy qurilish ishlari ham fosh etildi. Bu esa ayrim kompaniyalar qonun talablarini chetlab o`tishga urinayotganini va bunday holatlar aholi xavfsizligiga bevosita tahdid solayotganidan dalolat beradi. Shu sababli mutasaddilardan holatga tegishli chora ko`rishlarini so`raymiz.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар