Rossiya mamlakatda mehnat migrantlari ulushini qisqartirmoqda

20.08.2025 09:36

Rossiya Mehnat vazirligi 2026 yilda mamlakat iqtisodiyotining to`qqizta sohasida kompaniyalar tomonidan migrantlarning ishga qabulini cheklashni taklif qilmoqda. Jumladan, qurilish, umumiy ovqatlanish, alkogol va tamaki mahsulotlari chakana savdosi kabi sohalarda xorijiy xodimlarga ruxsat etilgan ulush kamaytirilishi yoki hatto butunlay bekor qilinishi mumkin. Bu haqda Kommersant` nashri xabar berdi.

Xabarga ko`ra, loyiha hukumatga taqdim etilgan. Yangi tizim har yili hukumat tashkilotlarda mehnat migrantlari ulushining maksimal chegarasini belgilaydi. Bu orqali xorijiy ishchi kuchini jalb qilish va Rossiya fuqarolarining ustuvor bandligini ta`minlashni tartibga soladi.

2026 yilda eng katta qisqartirish umumiy ovqatlanish sohasida kutilmoqda. Agar ilgari bu sohada xorijiy xodimlarni yollashga cheklov bo`lmagan bo`lsa, endi Rossiya fuqaroligi bo`lmagan shaxslar faqat 50% o`rinlarni egallashi mumkin.

Qurilish sohasida xorijiy xodimlar ulushini 80% dan 50% gacha tushirish taklif etilmoqda.

Alkogol va tamaki mahsulotlarini chakana savdosi bo`yicha ruxsat etilgan kvota 15% dan 0% gacha tushirilishi mumkin. Sabzavot etishtirish, yog`och va o`rmon mahsulotlari ulgurji savdosi, taxta mahsulotlari savdosi, o`rmonchilik va daraxt kesish, shuningdek, yog`ochni qayta ishlash sohalarida esa xorijiy ishchilarning maksimal ulushi 50% dan 40% gacha kamaytirilishi ko`zda tutilgan.

Bundan tashqari, Mehnat vazirligi 29 ta mintaqada xorijiy ishchi kuchini yollash bo`yicha alohida tartib o`rnatishni taklif qilgan. Jumladan, Amur viloyatida 2026 yilda migrantlarga oziq-ovqat va ichimlik ishlab chiqarish, mashina va uskunalarni ta`mirlash hamda qishloq xo`jaligi hayvonlari veterinariyasi kabi sohalarda ishlash taqiqlanadi, deyiladi xabarda.

Eslatib o`tamiz, avvalroq Sankt-Peterburgda kurer bo`lib ishlash taqiqlangani haqida xabar bergan edik. (https://t.me/rost_24uz/13314)

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар