O`zbekistonda nevrologik kasalliklar va insultni samarali davolash maqsadida yangi tibbiyot markazi tashkil etiladi

19.08.2025 21:25

Prezident Shavkat Mirziyoev 19 avgust kuni sog`liqni saqlash tizimini transformasiya qilish va tibbiy yordam sifatini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Bugun kasalliklarni davolashda katta yuklama respublika muassasalariga tushmoqda. Shu bois viloyat va tuman miqyosida xizmatlarni kengaytirib, tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish choralari ko`rilmoqda.

Shu maqsadda 1500 ta klinik protokol xalqaro talablarga moslashtiriladi va standart jarrohlik amaliyotlari ishlab chiqiladi. Eng keng tarqalgan kasalliklar bo`yicha bemorlar marshrutlari ishlab chiqiladi va raqamlashtiriladi.

So`nggi yillarda insult va infarktga olib keladigan gipertoniya, yurak ishemik kasalligi va qandli diabetning ko`payishi kuzatilmoqda. Bunday holatlarning 85 foizi nogironlikka olib kelmoqda.

Shu bois birlamchi bo`g`inda sun`iy intellektni keng qo`llagan holda ushbu kasalliklarning oldini olish va davolash bo`yicha yangicha protokol va yondashuvlarni joriy qilish taklifi bildirildi. Jumladan, EKG-telemetriya, telemedisina, trombolizis terapiya, stentlash va tromboekstrasiya yo`lga qo`yiladi. Insult belgilarini erta aniqlash algoritmini ommalashtirish va aholiga o`rgatishga alohida e`tibor qaratiladi.

Nevrologik kasalliklar va insultni samarali davolash maqsadida Milliy nevrologiya va neyroreabilitasiya tibbiyot markazi tashkil etiladi. Markaz uchun Toshkent shahrida 250 o`rinli zamonaviy bino quriladi, unda yiliga 3 mingdan ortiq jarrohlik amaliyotini o`tkazish imkoniyati bo`ladi.

Markaz hamda Samarqand va Buxorodagi tibbiyot oliy o`quv yurtlari klinikalari zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi. Yaponiyalik hamkorlar ko`magida xalqaro standartlar bo`yicha erta reabilitasiya xizmati joriy etiladi. 150 nafar mutaxassis xorijda malaka oshiradi. Loyiha uchun 150 million AQSh dollari yo`naltiriladi. Ushbu chora-tadbirlar nogironlik va mehnatga layoqatsizlikni kamaytirish imkonini beradi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар