O`zbekistonliklarning kredit skoring bahosi “o`rtacha” chiqdi

19.08.2025 13:55

O`zbekistonda 2025 yilning birinchi yarmida 1 million nafarga yaqin fuqaro o`z kredit tarixini tekshirtirdi.

Kredit-axborot tahliliy markazi ma`lumotlariga ko`ra, kredit hisobotlaridan foydalanganlar soni 957 402 nafarni tashkil etdi. Shundan 99 foizi jismoniy shaxslar, 1 foizi esa yuridik shaxslardir. Kredit hisobotlaridan foydalanganlar soni 2024 yilning shu davriga (400 950) nisbatan qariyb 2,4 barobarga oshdi.

Yosh toifasiga ko`ra bu quyidagicha bo`ldi:

–26—35 yoshdagilar — 41 foiz (388 456 kishi),
–36—45 yoshdagilar — 23 foiz (222 247 kishi),
–16—25 yoshdagilar — 22 foiz (205 009 kishi),
–46—55 yoshdagilar — 9 foiz (88 093 kishi),
–56 yosh va undan kattalar — 5 foiz (44 940 kishi).

Skoring ballari tahliliga ko`ra, murojaat qilgan fuqarolarning atigi 5 foizi (44 482) a`lo darajadagi skoringga ega bo`lgan, 28 foizida yaxshi, 55 foizida esa o`rtacha ko`rsatkich bo`lgan.

Kredit byurosidan hech qanday sabablarni ko`rsatmasdan, yiliga faqat bir marta tekinga va istalgancha pullik asosda o`z kredit tarixingiz to`g`risidagi ma`lumotni olish mumkin.

Kredit-axborot tahliliy markazi ma`lumotlariga ko`ra, 2025 yil birinchi yarmida jismoniy shaxslarning aksariyati kredit tarixini olishga bir marta murojaat qilgan bo`lib, ularning ulushi 63 foizni tashkil etadi. Ikki marta murojaat qilganlar 23 foiz, uch marta foydalanganlar 6 foiz, to`rt marta foydalanganlar 2 foiz, besh va undan ko`p marta foydalanganlar esa yana 6 foizni tashkil qilgan. Murojaat qilganlarning 69 foizi erkaklar, 31 foizi ayollar bo`lgan.

Hududlar kesimida eng ko`p murojaat Toshkent shahrida qayd etilgan — 19,4 foiz, undan keyingi o`rinlarni Toshkent viloyati (11,9 foiz) va Samarqand viloyati (8,3 foiz) egalladi.

Eslatib o`tamiz, kredit skoringi — bu mijozning kreditni to`lay olish qobiliyatini ball berish orqali baholash tizimi. Mijozga beriladigan ballar muddati o`tgan qarzdorlikning mavjud yoki yo`qligi, shuningdek, daromadlar, faoliyat turi, yosh va turmush holati va boshqa shu kabi omillarga bog`liqdir.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар