Prezident qarori bilan, mamlakatda ish beruvchilarga xodimlar mehnati uchun kunlik to`lov yo`lga qo`yiladi. Jumladan, ayrim talablarga javob beradigan xodimlar mehnati uchun kunlik to`lov mexanizmi tajriba tariqasida joriy etiladi.
Keltirilishicha, ish haqini kunlik olishi mumkin bo`lgan xodim bilan elektron mehnat shartnomasi tuzilgan bo`lishi kerak. Xodimdan raqamli platformalarda elektron hamyonga egaligi ham talab etiladi. Shu bilan birga, soliqlar va yig`imlarni hisoblab chiqarish va to`lashni o`z ichiga olgan soliq intizomiga qat`iy rioya qilinishi kerak.
Shuningdek, qaror bilan 2025 yil 1 noyabrdan raqamli platformalar orqali shaxslarni biometrik vositalar yordamida identifikasiya qilish, SMS orqali xabar yuborish va davlat ro`yxatidan o`tkazish imkoniyati yaratiladi.
Shartnomalar, elektron hisob-fakturalar va boshqa hujjatlar raqamli platformalarda imzolanishi mumkin; bu hujjatlar qog`oz hujjatlar bilan teng huquqqa ega bo`ladi.
2026 yil 1 yanvardan ayrim soliq tartiblari bekor qilinadi. Jumladan, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o`zini o`zi band qilgan shaxslardan daromad solig`i, tovarlarni realizasiyadan olinadigan soliq ba`zi holatlarda bekor qilinadi yoki soddalashtiriladi.
Yillik aylanmasi 1 milliard so`mgacha bo`lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o`zini o`zi band qilganlar uchun soliq stavkasi 1% qilib belgilanadi.