Namanganda qotilliklarning 60 foizi oilaviy nizolar sababli sodir etilgan

15.08.2025 16:28

Namangan viloyatida joriy yilning dastlabki 7 oyida qotilliklarning 60 foizi, tan jarohati etkazish jinoyatlarining esa beshdan ikki qismi oilaviy nizolar sababli sodir etilgan. Bu haqda kecha, 14 avgust kuni viloyatning Pop tumanida  Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboeva boshchiligida bo`lib o`tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining sayyor majlisida ma`lum qilindi.

Qayd etilishicha, majlisda Milliy va hududiy kengashlarning a`zolari, senatorlar, Namangan viloyati xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari deputatlari, vazirlik hamda idoralar rahbarlari, faollar va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etgan. Unda Namangan viloyatida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar holati ko`rib chiqilgan.

Bildirilishicha, bugungi kunda viloyatning iqtisodiy salohiyati yuqori bo`lib, mehnatga layoqatli aholining 82 foizi kichik biznes va tadbirkorlik sohasida band. 2025 yilda 4 mlrd dollar miqdorida investisiyalar jalb qilish, 1 mlrd dollar hajmida eksport qilish, 323 ming ish o`rni yaratish va 55 ming oilani kambag`allikdan chiqarish rejalashtirilgan.

Ma`lum bo`lishicha, 2024 yilda viloyatda jami 8 204 ta jinoyat qayd etilgan. Ularning 35 foizi kiberjinoyatlar. Joriy yilning 7 oyida esa 5 786 ta jinoyat sodir etilgan, shundan 45,6 foizi kiberjinoyatlar hisoblanadi. Jinoyatlarning katta qismi oldi olinishi mumkin bo`lgan turkumga kiradi. Ularning asosiy sabablari orasida aholi mulk xavfsizligiga beparvolik, etarli darajada profilaktika tadbirlarining yo`lga qo`yilmagani va ijtimoiy muhitdagi salbiy omillar qayd etilgan.

Shuningdek, 2025 yilning dastlabki etti oyida qotilliklarning 60 foizi, tan jarohati etkazish jinoyatlarining esa beshdan ikki qismi oilaviy nizolar sababli sodir etilgani qayd etildi.

Bildirilishicha, yoshlar va ayollar orasidagi jinoyatchilik ayrim hududlarda oshgan. 2025 yilda voyaga etmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni umumiy hisobda pasaygan bo`lsa-da, Uchqo`rg`on, Pop, Namangan va boshqa tumanlarda ushbu ko`rsatkich oshgan. “Qizil” va “sariq” toifadagi xavfli mahallalar soni yuqoriligicha qolmoqda. 21 ta mahalla uch yildan buyon “qizil” toifadan chiqmagan.

Shuningdek, majlisda viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi ham atroflicha muhokama qilingan. O`tgan davrda aniqlangan korrupsion jinoyatlarning asosiy qismini o`zlashtirish, mansab vakolatini suiiste`mol qilish va pora olish holatlari tashkil etgan.

Bandlik, sog`liqni saqlash, bank, qurilish kabi bir qator sohalarda jami 85 ta korrupsion jinoyat fosh etilgan bo`lib, ularning katta qismi bevosita mansabdor shaxslarning noqonuniy faoliyati bilan bog`liq. Ayrim davlat xizmatchilarining qonunga zid ravishda tadbirkorlik bilan shug`ullangani ham aniqlangan.

Majlis yakunida Milliy kengash tomonidan Namangan viloyatida mahallalarda xavfsizlikni kuchaytirish, raqamlashtirish choralarini jadallashtirish, ijtimoiy profilaktika ishlarini sifat jihatidan yaxshilash bo`yicha aniq vazifalarni nazarda tutgan qaror qabul qilingan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар