2026 yilda "Uch qahramon" bozori o`rnida metropoliten qurilishi boshlanadi

14.08.2025 17:27

2026 yil 1 martdan boshlab "Uch qahramon" MChJ o`rniga metropoliten uchun zarur infrastruktura ob`ekti qurilishi boshlanadi. Bu haqda bugun Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzaevning bozor hududiga tashrifida ma`lum qilingan. 

Bozorning kelgusi faoliyati qanday kechadi?

Viloyat hokimligi tadbirkorlarning kelgusi faoliyatlari uchun savdo-sanoat palatasi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda har tomonlama yordam ko`rsatishga, ochiq muloqotga har doim tayyorligini bildirgan.

Zarar ko`rgan savdogarlar holati bo`yicha

Mazkur bozor 17 avgustdan faoliyat ko`rsatishni boshlaydi. Yong`in oqibatida jabrlangan 165 ta tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatini davom ettirishlari uchun bozor hududida 63 ta bo`sh turgan do`konlar, 125 nafar tadbirkorlik sub`ektlariga 2 oy muddatga ijara to`lovisiz ajratib berilgan va joylashtirilgan. 8 ta tadbirkor rad javobini berib, faoliyatini davom ettirmasligini ma`lum qilgan. 4 ta tadbirkor do`kon olish istagini bildirib, murojaat etmagan.

Dastlabki ma`lumotnomaga ko`ra, jamiyat va fuqarolarga jami 74 mlrd zarar etgan. Lekin rasmiylar taqdim etgan ma`lumotda jabrlangan savdogarlarga kompensasiya to`lab berish haqida hech narsa aytilmagan. Avvalroq, yong`in bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atilgani haqida xabar bergan edik. 

Yong`in nimadan kelib chiqqan edi?

Yong`inning sababi, bozorga kirishda o`ng tomonda joylashgan birinchi va ikkinchi do`konlar orasidan o`tgan elektr simlarida yuzaga kelgan avariya (ortiqcha yuklanish, yuqori o`tish qarshiligi) dan deb taxmin qilingan. Shuningdek, yong`in sababini aniqlash maqsadida X.Sulaymonova nomidagi ekspertiza markazidan ekspertlar, yong`in institut xodimlari va boshqa mutaxassislar ishtirokida hodisa joyi ko`zdan kechirilib, olingan ashyoviy dalillar yuzasidan sudga oid kompleks ekspertiza tayinlangan.

Ma`lumotlarga ko`ra, Toshkent tumani hokimining 2009 yil 17 apreldagi 12-sonli qaroriga asosan, "Metropoliten kapital qurilish" UKga qarashli maydonda "Uch qahramon ixtisoslashgan savdo majmuasi" MChJ tomonidan uzoq muddatli ijara asosida qurilgan savdo pavilonlari va rastalari vaqtinchalik foydalanishga qabul qilingan. So`ngra 2011 yilda "Uch qahramon ixtisoslashgan savdo majmuasi" MChJga egalik huquqi berilgan va davlat ro`yxatidan o`tkazilgan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар