Ijara mavsumi yaqin: Poytaxtda narxlar qanday bo`lyapti?

14.08.2025 14:35

O`zbekistonda iyul oyida uy-joy savdosi hajmi o`tgan oyga nisbatan 25 foiz, yillik hisobda esa 14,2 foizga oshdi, deya xabar qildi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi o`z tahlilida.

Markazning qayd etishicha, bu so`nggi davrlarda kuzatilgan eng yirik oylik o`sish ko`rsatkichlaridan biri hisoblanadi.

Iyul oyida O`zbekistonning barcha hududlarida uy-joy bozorida faollik oshgani kuzatildi. Faollikning eng sezilarli o`sishi Surxondaryo (41 foiz), Sirdaryo (35,3 foiz) va Qashqadaryo (33,7 foiz) viloyatlarida qayd etildi.
Toshkent shahrida uy-joy bozori faolligi 24,6 foizga o`sdi.

Ikkillamchi uy-joy bozori

Iyul oyida O`zbekistonda ikkilamchi bozorda uy-joylarning o`rtacha bozor qiymati o`sish sur`ati tezlashdi. Iyun oyida o`rtacha 0,3 foiz o`sishdan so`ng, iyul oyida o`sish 1,7 foizni tashkil etdi. Yillik hisobda esa narxlar 3,3 foizga oshdi.

Hududlar kesimida 2024 yilning iyul oyidan buyon uy-joy narxlarida sezilarli o`sishi Jizzax (15,2 foiz), Surxondaryo (14,1 foiz) va Xorazm (9,6 foiz) viloyatlarida kuzatildi.

Toshkent shahridagi ko`chmas mulk bozoridagi vaziyat

Iyul oyida Toshkent shahri ko`chmas mulk bozorida yillik pasayish tendensiyasi saqlangan holda, narxlarda o`rtacha o`sish qayd etildi.

Oy davomida ikkilamchi uy-joylarning o`rtacha narxi 0,8 foizga oshdi. Yillik hisobda 2024 yilning iyul oyiga nisbatan ikkilamchi uy-joy narxlari 3,2 foizga, birlamchi uy-joylar narxi esa 0,9 foizga pasaygan.

Ikkilamchi uy-joylarning eng katta pasayishi Mirzo Ulug`bek (-8,2 foiz), Yashnobod (-4,5 foiz) va Yunusobod (-4,2 foiz) tumanlarida kuzatildi.

Birlamchi uy-joy narxlarida eng sezilarli pasayishi Uchtepa (-8,8 foiz), Yunusobod (-6,7 foiz) va Shayxontohur (-4,7 foiz) tumanlarida qayd etildi.

Toshkent shahrida uy-joy ijara bozori

Iyul oyida Toshkent shahrida ijara narxlarida barqarorlik kuzatildi. Ijara narxi barqaror saqlanib, bir kvadrat metr uchun 8 dollarni tashkil etdi.

Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o`rtacha 10,3 dollar.

Yillik hisobda Toshkent shahrida o`rtacha ijara narxi 2,8 foizga pasaydi. Eng sezilarli pasayish Uchtepa, Yashnobod va Mirzo-Ulug`bek tumanlarida qayd etildi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар