Bugun, 7 avgust kuni Jamiyat ma`muriy binosida mamlakatimizning etakchi bosma va elektron OAV vakillari ishtirokida “2025 yilning I yarim yilligi: yutuqlar va kelgusidagi ustuvor yo`nalishlar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda Jamiyat Boshqaruvi rahbariyati, Ijro apparati boshqarma va bo`lim boshliqlari, mas`ul mutaxassislar, televidenie, radio, bosma va elektron OAV vakillari, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etdi.
Dastlab, matbuot anjumanini “O`zbekgidroenergo” AJ Apparat rahbari Suxrob Hamraev kirish so`zi bilan ochib, jamiyat faoliyati to`g`risida ma`lumot berdi.
Matbuot anjumani kun tartibidagi asosiy masala yuzasidan Boshqaruv raisi o`rinbosari Farrux Nurullaev OAV vakillariga batafsil ma`lumot berdi. Boshqaruv raisi o`rinbosari Farrux Nurullaev ta`kidlaganidek, “O`zbekgidroenergo” AJ tomonidan sohani yanada taraqqiy ettirish, ishlab chiqarishni jadallashtirish, mamlakat va aholining elektr energiyasiga bo`lgan ehtiyojini uzluksiz qondirish bo`yicha ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Jamiyat tomonidan 2025 yil I yarim yillik davomida amalga oshirilgan keng ko`lamli ishlar buning yaqqol isbotidir.
E`tiborli jihati, Jamiyat tashkil topgan 2017 yildan bugungi kunga qadar amalga oshirilgan yangi qurilish hamda modernizasiya loyihalari evaziga yaratilgan qo`shimcha 450 MVt quvvatlar orqali joriy yildagi elektr energiyasi ishlab chiqarish oshirib borilmoqda.
Natijada, so`nggi 8 yillikdagi (6,5 mlrd kilovatt-soat) o`rtacha ko`rsatkichga nisbatan 500-600 million kilovatt-soat yoki 10-15 foizga ko`p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Qolaversa, ushbu ko`rsatkich joriy 2025 yildagi yangi quvvatlarni foydalanishga topshirilishi hisobiga yanada yuqorilab, yillik ishlab chiqarish salohiyati qo`shimcha tarzda yana 1 milliard kilovatt-soatga ko`payadi.
Jamiyat tarkibidagi energiya hosil qiluvchi korxonalar tomonidan joriy birinchi yarim yillikda 3,6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, belgilangan reja ko`rsatkichining bajarilishi ta`minlandi.
Hozirgi kun ma`lumotiga ko`ra, mamlakatda texnik gidroenergetika salohiyati yiliga 27,4 mlrd kVt.soatni tashkil etadi. Hozirgi mavjud salohiyatning taxminan 25%idan foydalanilmoqda.
GESlar barqaror kunlik elektr energiyasini ta`minlashning samarali vositasi, narxi boshqa manbalarga qaraganda ancha arzon va ekologik tozaligi bilan ham ahamiyatlidir, uning ahamiyati naqadar beqiyos ekanligi bilan ham ahamiyatlidir.
Shu bois, Prezidentimiz tomonidan 2024-2028 yillarda gidroelektr stansiyalar quvvatlarini 6 ming megavattga (2,7 barobar), o`rtacha yillik ishlab chiqarish hajmini 17-19 mlrd kVt.soatga etkazish bo`yicha besh yillik dastur ishlab chiqish hamda buning uchun sohaga to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni keng jalb etish zarurligi alohida qayd etilgandi.
Shu nuqtai nazardan, “O`zbekgidroenergo” AJ gidroenergetikani rivojlantirish strategiyasiga muvofiq, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hisobiga qo`shimcha quvvatlarni yaratib, 2028 yilga borib umumiy elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini 6 ming megavattga etkazish va bu orqali o`rtacha yillik ishlab chiqarish quvvatini qariyb 19 mlrd kVt.soat yoki 3 baravar oshirish uchun zaruriy choralarni ko`rmoqda.
Tom ma`noda, joriy 2025 yil gidroenergetika uchun yuksalish davri bo`lmoqda. 2025 yil davomida Jamiyat tomonidan 405 million dollarlik, yillik ishlab chiqarish quvvati 912,0 mln kVt.soatga teng 32 ta loyiha ishga tushiriladi.
Xususan, I yarim yillikda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida quvvati 16 MVt, yillik o`rtacha ishlab chiqarish quvvati 69,6 mln kVt.soatga teng Zarchob-3 kichik GES ishga tushirildi. Loyihalar bo`yicha jami yaratilgan yangi ish o`rinlari – 15 tani tashkil etdi.
Samarqand viloyatida 2 ta loyiha, shundan: jami quvvati 1,5 MVt, yillik ishlab chiqarish quvvati 7,3 mln kVt.soat Aylanma Darg`om kanalida mikroGES-2 va GES-3 kichik GES ishga tushirildi. Loyihalar doirasida jami yaratilgan yangi ish o`rinlari – 8 tani tashkil etdi.
Jizzax viloyatida jami quvvati 0,55 MVt, yillik ishlab chiqarish quvvati 5,7 mln kVt.soat bo`lgan Jizzax suv ombori qoshida mikroGES ishga tushirildi. Loyiha doirasida jami yaratilgan yangi ish o`rinlari – 3 tani tashkil etdi.
Jamiyat bu bilan cheklanib qolmasdan, hududlarda kam suv va past bosimda samarali elektr energiyasi ishlab chiqarish qobiliyatiga ega mikroGESlarni, shu jumladan, Surxondaryo viloyatida umumiy quvvati 150 kilovattga teng 8 ta, Qoraqalpog`iston Respublikasining Nukus va Xo`jayli tumanlarida jami quvvati 145 kilovattga teng 5 ta kinetik turdagi turbinali mobil mikroGESlarni ishga tushirdi.
Quvonarlisi, 2025-2026 yillarda Chorbog` suv ombori yuqori qismida Xitoy Xalq Respublikasining beg`araz ko`mak grant mablag`i evaziga umumiy quvvati 20 MVt, yillik ishlab chiqarishi 50 mln kVt.soatga teng 4 ta shamol stansiyasi qad rostlaydi hamda aholini elektr energiyasi bilan ta`minlash ko`rsatkichi yanada oshadi.
Natijada, Jamiyat tarkibidagi umumiy GESlar soni 100 dan oshishi rejalashtirilgan bo`lib, Jamiyat tashkil topgan 2017 yil bilan taqqoslaganda, o`sish sur`atlari 3 barobarni tashkil etadi.
Muhandislik ishlari, transport-kommunikasiya va geostrategik jihatdan muhim ahamiyatga ko`ra noyob hisoblangan gidroagregatlar ishlab chiqarish zavodi – “UzHydroPower” QKning ishga tushirilishi nafaqat yurtimizda, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi hayotida ham muhim voqeadir. Kelgusida korxona faoliyati samaradorligini oshirish bilan birga, ilmiy-ishlab chiqarish bazasini yaratish, xizmat ko`rsatish – servis markazlarini tashkil etishga, shuningdek, mamlakatimizda energetik ahamiyatga ega bo`lgan ayrim turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga alohida e`tibor qaratilmoqda.
Tabiiyki, ushbu tarixiy loyiha foydalanishga topshirilishini inobatga oladigan bo`lsak, “O`zbekgidroenergo” AJ, o`z navbatida, sohada gidroagregatlar ishlab chiqarishda shak-shubhasiz etakchilikka da`vo qiladi.
“UzHydroPower” korxonasida respublikadagi birinchi milliy GES bo`lishi kutilayotgan “Norin GESlar kaskadi”ga o`zimizda ishlab chiqarilgan mahalliy gidroagregatlar etkazib berilishi yo`lga qo`yildi.
Shu bilan bir qatorda, gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarish maqsadida, zarur paytda xorijiy investorlarga “tayyor loyihalar”ni amalga oshirish uchun taqdim etish maqsadida Jamiyatda “loyihalar fabrikasi” faoliyati yo`lga qo`yildi.
Mazkur “loyihalar fabrikasi”da hozirga qadar umumiy quvvati 3,2 gigavattga teng 50 ga yaqin loyiha ustida ishlar olib borilib, kelgusida gidroenergetika quvvatini amalga oshirish uchun zamin hozirlanmoqda. Bugungi kunda “loyihalar fabrikasi”da umumiy quvvati 408 MVtga teng 9 ta loyiha amalga oshirish uchun “tayyor holat”da bo`lsa, umumiy quvvati 2 737 MVtga teng bo`lgan 20 taga yaqin istiqbolli loyihasi doirasida manzilli ishlar olib borilmoqda.
Ushbu loyihalarning hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilishi natijasida yaqin kelajakda gidroenergetika sohasida ishlab chiqarish salohiyati yiliga qariyb 20 mlrd kVt.soatga etadi. Bu bilan yurtimiz texnik gidroenergetika salohiyatining 73%idan oqilona va samarali foydalaniladi.
Yana bir muhim yo`nalish – xalqaro kredit reytinglarni qo`lga kiritishda jamiyat tomonidan olib borilayotgan ishlar xususida Moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari bo`yicha tayyorlash bo`limi boshlig`i Lazizxo`ja Usmonov matbuot anjumani qatnashchilariga axborot berdi.
Unga ko`ra, jamiyat tomonidan tarmoqda to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar ishtirokidagi loyihalar ko`lamini kengaytirish, ularni amalga oshirishda qat`iy nazorat mexanizmini o`rnatish hamda istiqbolli loyihalar ijrosini tashkil etish yuzasidan ko`rilayotgan chora-tadbirlar natijasida dunyo hamjamiyatida “O`zbekgidroenergo” kompaniyasi eng yuqori yuksak ko`rsatkichlarda e`tirof etilmoqda. Jamiyat qo`lga kiritgan xalqaro reytinglar va indekslarda, egallab turgan maqomlar bunga yorqin misol bo`la oladi.
Umuman olganda, so`nggi yillarda Jamiyat moliyaviy-iqtisodiy ko`rsatkichlari barqaror o`sish dinamikasiga ega ekanligi, xalqaro darajadagi investor va moliyaviy tashkilotlarning Jamiyatga bo`lgan ishonchining ortishiga olib kelmoqda.
Eng muhimi, xalqaro moliyaviy tashkilotlar hamda investorlar Jamiyatning istiqbolli loyihalarni amalga oshirishida o`zlari tashabbus bilan chiqishmoqda.
Xususan, buni Jamiyat tomonidan istiqbolli yirik loyihalar, shu jumladan, jami qiymati 3 mlrd dollar, jami quvvati 1,7 GVt va yillik ishlab chiqarish quvvati 4,5 mlrd kVt/soatga teng bo`lgan Yuqori Pskom GTES, Xo`jakent GTES, Qorong`i-to`qay va Yuqori Pskom GES qurilishi loyihalari to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar hisobiga amalga oshirilayotganligidan ham ko`rish mumkin.
Bundan buyon Jamiyat barcha loyihalarni davlat kafolatisiz, to`g`ridan-to`g`ri xorijiy sarmoyalar hisobiga amalga oshirish uchun barcha iqtisodiy imkoniyatlarga ega bo`lib, kelgusida barcha loyihalar mazkur tamoyilda amalga oshirilishi maqsad qilib olingan. Xabaringiz bor, xalqaro maydonda “O`zbekgidroenergo” AJ xalqaro kredit reytingini barqaror suveren darajada saqlab kelmoqda. Jamiyat korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi ISO 37001 xalqaro standarti bo`yicha muvofiqlik sertifikatiga ega. “Ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG)” nufuzli xalqaro reytingi 2024 yilda 72 ball bilan yuqori pog`onaga ko`tarilib, Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori ko`rsatkichga ega.
Buning natijasida, xalqaro moliyaviy tashkilotlar, xususan, AQSh, BAA va Xitoyning nufuzli moliyaviy tashkilot va banklari “O`zbekgidroenergo” AJga to`g`ridan-to`g`ri davlat kafolatisiz va sug`urta xarajatlarisiz qariyb yarim milliard AQSh dollari qiymatida istiqbolli investisiya loyihalarini moliyalashtirishga tayyor ekanliklarini bildirishgan.
Bu, o`z navbatida, Jamiyatning xalqaro miqyosda egallab turgan nufuzi va obro`si tobora yuksalib borayotganidan dalolat beradi.
Jamiyat bundan keyin ham davlat va jamiyatimiz ravnaqi, xalq farovonligi yo`lida barcha kuch va resurslarini safarbar etadi.
Matbuot anjumani davomida OAV vakillarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javoblar berildi.