Co`nggi yillarda respublika tijorat banklari faoliyati mahallagacha tushirilgani o`z natijasini bermoqda. Xususan, o`tgan yilning yil 16 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida banklar ishtirokida mahallalarda aholi bandligini ta`minlash va daromadli qilishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokamasiga doir o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida bildirilgan taklif asosida “Mahalla bankirlari” faoliyati yo`lga qo`yilgani “mahallabay” ishlash tizimida yangi bosqichni boshlab berdi.
Hozirda “Biznesni rivojlantirish banki” aksiyadorlik-tijorat bankiga respublika bo`yicha biriktirilgan 653 ta mahallada 232 nafar mahalla bankiri va 653 nafar yordamchi agent ish olib bormoqda.
Ular aholini tadbirkorlikka jalb etish, mavjud korxonalar salohiyatini kengaytirish va mahallada qo`shimcha imkoniyatlarni yaratish borasida faollik ko`rsatmoqda.
Shu kunlarda bank tomonidan “Mahalla bankirlari” va yordamchi agentlarning ishchanlik salohiyatini oshirish, ularda ochiq va samarali kommunikasiya ko`nikmalarini rivojlantirish maqsadida hududlarda seminar-treninglar o`tkazilyapti.
Mazkur tadbirlar davomida ishtirokchilarda jamoada ishlash, yagona maqsad atrofida birlashish, muammoli vaziyatlarga to`g`ri yondashuv, o`ziga ishonchni mustahkamlashga qaratilgan amaliy mashg`ulotlar tashkil qilinmoqda.
Shuningdek, seminar-treninglar doirasida bankning “Mening biznesim” va “Mening buyurtmam” mobil ilovalari orqali aholi bandligini oshirishning innovasion echimlari bo`yicha muhokamalar ham bo`lib o`tmoqda.
Tadbirlarda Markaziy bank vakillari ishtirok etib aholi g`oyalarini loyihalarga aylantirish, kreativ tashabbuslarni amaliyotga joriy etish yuzasidan tavsiyalar bermoqda.
Ayni vaqtgacha bunday seminar-treninglar Qo`qon, Farg`ona, Urganch shaharlarida va Yangiyo`l tumanida o`tkazildi. Tadbirlar yakunida faol ishtirok etgan mahalla bankirlari va yordamchi agentlarga diplom va esdalik sovg`alari taqdim etilmoqda.
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB bu kabi tadbirlar orqali xodimlarning kasbiy rivojlanishiga erishish bilan bir qatorda mijozlarga xizmat ko`rsatish sifatini oshirishni ham ko`zlamoqda.
Bu turkumdagi tadbirlar joriy yilning dekabr oyiga qadar respublikaning barcha hududlarida o`tkazilishi rejalashtirilgan.
Bank axborot xizmati