Isroil xususiy tashkilotlarga G`azo sektoriga gumanitar yordam yuborishga ruxsat berdi. Bu haqda Isroil Mudofaa vazirligi tarkibidagi COGAT (Isroil hukumati faoliyatini okkupasiyalangan hududlarda muvofiqlashtiruvchi bo`lim) xabar berdi.
Xabarga ko`ra, xususiy sektor tomonidan tovarlarni bosqichma-bosqich va nazorat ostida olib kirishga imkon beruvchi tartib tasdiqlangan. Bu qarorning asosiy maqsadi — G`azo sektoriga kirayotgan gumanitar yordam hajmini oshirish va BMT hamda boshqa xalqaro tashkilotlar yordamiga bo`lgan qaramlikni kamaytirishdir.
Endi qo`shimcha ravishda quyidagi tovarlarni olib kirishga ruxsat beriladi: zarur oziq-ovqatlar, bolalar ovqati, meva-sabzavotlar va gigiena vositalari.
Tovarlar Isroil Mudofaa vazirligining tegishli idoralari tomonidan qat`iy tekshiruvdan o`tkazilgachgina G`azo sektoriga kiritiladi. Bu orqali HAMAS radikal islomiy harakatining yordamni tashish va taqsimlash jarayonida ishtirok etishining oldi olinishi maqsad qilingan.
Bundan tashqari, tovarlar uchun to`lovlar faqat bank o`tkazmalari orqali va Isroil tomonining nazorati ostida amalga oshiriladi, deyiladi xabarda.
Eslatib o`tamiz, avvalroq G`azoda qurbonlar soni 60 ming nafardan oshgani haqida xabar bergan edik. (https://t.me/rost_24uz/13241)