Chorvoq Agalarovga nega juda arzonga berildi?

06.08.2025 20:40

Chorvoqdagi Sea Breeze Uzbekistan loyihasi jamiyatda keng muhokamalarga sabab bo`ldi. Ayrimlar bu loyiha ekologiyaga zarar etkazishi, fuqarolarning manfaatlariga zid bo`lishi yoki byudjet uchun yuk bo`lishidan xavotirda. Qolaversa ,  turistik majmua qurilishi uchun ajratiladigan erning 25 yillik ijara to`lovi bor-yo`g`i 17 milliard so`m miqdorida belgilangani ham ushbu loyiha atrofidagi savollarni yanada ko`paytirdi. O`zbekiston Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi Departamenti boshlig`i o`rinbosari Muzaffar Rahimjonov shunday savollarning  ayrimlariga javob berdi.

Nega aynan Sea Breeze?

Chorvoq – turizmning durdonasidir. Shu bois bu erda loyihani shoshib qurib tashlash emas, balki yuqori darajada, ya`ni maktablar, shifoxonalar, oqova-suv tizimlari, bog`lar barpo qilib, ko`plab yangi ish o`rinlari tashkil qilib amalga oshira oladigan kuchli investor kerak edi.

Agalarov Development kompaniyasi 5 milliard AQSh dollari miqdorida investisiya, ijtimoiy infratuzilma ob`ektlar qurilishi, ekologik echimlar va loyihani davlat nazorati ostida bosqichma-bosqich amalga oshirishni taklif qildi.

Nega loyiha bitta investorga ishonib topshirildi?

Bitta developer – bu yagona arxitektura, yirik kanalizasiya tizimi, avtomobil yo`llari, ko`kalamzorlashtirish tizimlari va mas`uliyat degani. Agar er bir nechta quruvchilarga bo`lib berilganida, ziddiyat, tartibsizlik va nazoratning imkonsizligi yuzaga kelgan bo`lardi.

Misol: Saudiya Arabistonidagi The Red Sea Project ham ekologiya va yagona yondashuvni saqlab qolish maqsadida yagona developerga topshirilgan.

Loyiha qaysi manbaalar hisobidan amalga oshiriladi? Qarzdorlik yuzaga kelmaydimi?

Loyiha to`liq xususiy mablag`lar asosida amalga oshirilmoqda. Davlat byudjetidan mablag` sarflanmaydi. Barcha moliyaviy xatarlar investor zimmasida. Kreditlar tijorat asosida olinadi, davlat qarzining ortishi haqida gap bo`lishi mumkin emas. Shu bilan birga, davlat loyihaning barcha bosqichlarida – ekologik me`yorlarga amal qilinishidan tortib, moliyaviy shaffoflik va ijtimoiy samaragacha qattiq nazoratni saqlab qoladi.

Misol: Gresiyadagi Sani Resort aynan shu tartibda qurilgan – byudjetdan bir tiyin ham sarflanmagan, lekin mamlakat iqtisodiyoti uchun katta foyda keltirgan.

Investorda tajriba bormi?

Ha. Ozarbayjondagi Sea Breeze – bu dunyo darajasidagi kurort bo`lib, mehmonxonalar, konsert maydonchalari, restoranlar va obodonlashtirilgan hududlarni o`z ichiga oladi.

Shuningdek, Moskva va Moskva viloyatida ham yirik loyihalar amalga oshirilgan.

Misol: Kerzner kompaniyasi Dubaydagi Atlantic loyihasini muvaffaqiyatli qurib, keyinchalik Xitoyda ham shunga o`xshash loyiha amalga oshirgan.

Nega ijaraning qiymati atigi 17 mlrd so`m?

Ijara to`lovi investisiyalarni rag`batlantirish maqsadida ramziy darajagacha kamaytirilgan. Buning evaziga investor 240 million dollar miqdorida infratuzilma to`lovi to`laydi – bu er ijarasining bozor qiymatidan ancha yuqori. Mazkur to`lov Toshkent viloyatida birinchi marta joriy qilinmoqda.

Bu mablag`lar kanalizasiya, yo`llar, ko`priklar va tozalash inshootlarini qurishga yo`naltiriladi. Ortib qoladigan 100 million dollar hudud infatuzilmasining keyingi rivojlanish va modernizasiyaga sarflanadi.

Misol: Meksika va Vetnamda xorijiy sarmoyani jalb qilish va rivojlanishni jadallashtirish maqsadida yirik investisiya loyihalarining ijarasi nolga qiymatida berilgan. 

Erlarni qayta sotish mumkinmi? Bu spekulyasiya emasmi?

Yo`q. Er davlat tasarrufida qoladi. Qayta ijaraga berish faqat loyiha konsepsiyasiga muvofiq qurilishni amalga oshirish uchun qo`llanilishi mumkin. Masalan, xalqaro mehmonxonalar va boshqa ob`ektlarni qurishda. Shartlar buzilgan taqdirda — shartnoma bekor qilinadi, er davlatga qaytariladi.

Misol: BAAdagi Saadiyst Island hududida aynan shunday shartlar amal qiladi: davlatning nazorati ostida, aniq bosh reja asosida va faqat loyiha doirasida foydalanish uchun ijaraga topshirish huquqi berilgan.

Nega ob`ektlarni bir vaqtning o`zida  loyihalashtirgan holda qurilishga ruxsat berildi?

Qonunchilikda ayrim hollarda Hukumat tomonidan parallel loyihalashga ruxsat berilishi ko`zda tutilgan. Qaror hukumat tomonidan qat`iy nazorat sharti bilan qabul qilingan.

Nega ob`ektlarni bir vaqtning o`zida  loyihalashtirgan holda qurilishga ruxsat berildi?

Qonunchilikda ayrim hollarda Hukumat tomonidan parallel loyihalashga ruxsat berilishi ko`zda tutilgan. Qaror hukumat tomonidan qat`iy nazorat sharti bilan qabul qilingan.

Bunda loyihani Bosh prokuratura nazorat qiladi, Bosh vazir o`rinbosari raisligida idoralararo guruh tashkil etiladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар