Poytaxtda bir kishi kuniga  230–270 litr ichimlik suvi ishlatadi

06.08.2025 19:51

Toshkentda har bir kishi kuniga o`rtacha 230–270 litr ichimlik suvi ishlatadi. Bu haqda «O`zsuvta`minot» AJ matbuot kotibi Akmal Murodov aytib o`tdi.

Bu ko`rsatkich respublika bo`yicha eng yuqori hisoblanadi. Eng past sarf Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan bo`lib, u erda har bir kishi kuniga 80–100 litr suvdan foydalanadi. Jahon standartlariga ko`ra, 120–150 litr suv sarfi ham yuqori, deb baholanadi.

Murodovga ko`ra, ko`plab rivojlangan davlatlarda suv sarfi miqdori past ko`rinadi, ammo bu ularning suvdan kam foydalanishini anglatmaydi. Aksincha, ular suvni tejab va maqsadli ishlatadi. 

O`zbekistonda esa ko`p hollarda ichimlik suvi transport yuvish, basseyn to`ldirish yoki maishiy ehtiyojlarda ortiqcha sarflanadi.

Mutaxassisning ta`kidlashicha, mamlakat suv zaxiralarining faqat 20 foizi o`z hududida shakllanadi, qolgani esa qo`shni davlatlardan keladi. Shu bois suvdan noto`g`ri foydalanish katta xavf tug`diradi. 2030 yilga kelib, O`zbekistonda 7 milliard kub metr suv tanqisligi yuzaga kelishi mumkin.

Suv xo`jaligi vazirligi ma`lumotlariga ko`ra, mavjud suv infratuzilmasi ob`ektlarining ko`pchiligi 30–40 yil oldin qurilgan va hozirda ta`mirga muhtoj. Suvni tejash bo`yicha loyihalar uchun kamida 19 mlrd dollar mablag` talab etiladi. Buning 4 mlrd dollari nasos stansiyalarini yangilashga, qolgan qismi esa suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga sarflanishi rejalashtirilgan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар