2025 yil I yarmida davlat byudjeti daromadlari 2024 yil mos davriga nisbatan 19,2 foizga oshdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma`lum qildi.
Joriy yil yanvar—iyun oylarida O`zbekiston davlat byudjeti tushumlari 144,2 trln so`mni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, 2024 yil mos davrida bu raqam 121 trln so`m bo`lgan.
Vazirlik tahliliga ko`ra, soliqlardan boshqa daromadlar tushumi o`tgan yil I yarmidagidan 5,7 trln so`mga ko`payib, 29,3 trln so`mga etgan. Qolgan 121,3 trln so`mlik tushumlar soliqlardan ta`minlangan. Xususan, byudjetga eng ko`p soliq tushumi qo`shilgan qiymat solig`idan kelgan — 35,9 trln so`m. Mazkur soliqdan daromadlar 2024 yil mos davridagidan 9,2 trln so`mga ko`paygan.
Keyingi yirik tushum foyda solig`idan yig`ilgan — 22,5 trln so`m. Jismoniy shaxslardan olingan daromad solig`i esa 19,9 trln so`mga etgan (2024 yil mos davrida 16,9 trln so`m).
Shu bilan birga, er qa`ridan foydalanganlik uchun soliqdan 10,3 trln so`m, aksiz solig`idan 10 trln so`m yig`ilgan. Mamlakat aholisi er solig`iga 4,8 trln so`m, mol-mulk solig`iga 4,1 trln so`m to`lagan.
Bojxona boji tushumlari 5,4 trln so`mga etgan (2024 yil mos davrida 4,7 trln so`m).
Avvalroq Soliq qo`mitasi 2025 yil I yarmidagi soliq tushumlari miqdori bo`yicha dastlabki hisob-kitoblarini ochiqlagandi. Unga ko`ra, olti oyda byudjetga 102,6 trln so`m soliq yig`ilgan. Mazkur ko`rsatkich 2024 yil mos davriga (85,8 trln so`m) nisbatan 20 foizga ortgani qayd etilgan (https://daryo.uz/PtoUujEr).
Joriy yil I yarmida daromad solig`i to`lovchilar soni bir yil oldingidan 0,7 foizga (6 mln 23 mingtadan 5 mln 980 mingta qolgan) kamaygan. Shuningdek, aylanmadan olinadigan soliq to`lovchilar 2024 yil I yarmidagi 344,2 tadan joriy yil iyuligacha 332 mingta qolgan (pasayish 35 foiz).