O`zbekiston Milliy matbuot markazida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tizimida xodimlar salohiyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan loyihalarga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi.
Anjumanda ta`kidlanganidek, yurtimizda har tomonlama etuk mutaxassislarni tayyorlash, xodimlarning yuksak kasbiy darajasini ta`minlash va ularning o`z salohiyatini to`liq namoyon qilishlari uchun qulay mehnat sharoitini yaratishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda
Matbuot anjumanida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tizimida inson resurslarini boshqarish HR (Human resources) yo`nalishida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida jamoatchilikka axborot berildi.
Ma`ruzachilar tomonidan HR-transformasiyaning bugungi kundagi ahamiyati va zaruriyati, ishga qabul qilish va tanlov jarayonlari, yangi xodimlar uchun moslashtirish (adaptasiya) tizimi, ustoz-shogird (ish o`rganuvchilik) tizimi asosida malakali xodimlar tayyorlash, ish haqi va rag`batlantirish KPI (Key performance indicator) tizimi, xodimlarni o`qitish va rivojlantirish, xodimlar xayrixohligini oshirish tadbirlari kabi jami 8 ta yo`nalishda olib borilayotgan ishlar bo`yicha batafsil ma`lumot berildi.
“2020–2025 yillarga mo`ljallangan bank tizimini isloh qilish Strategiyasi”ga muvofiq, davlat ulushiga ega bo`lgan banklarni korporativ transformasiya qilish jarayonining 4 ta ustuvor yo`nalishlaridan biri ham aynan kadrlar salohiyatini oshirishdir.
Bu esa kadrlarni boshqarishning korporativ strategiyasini takomillashtirish, bank kadrlarini uzluksiz o`qitish tizimini joriy qilish hamda har bir xodimning faoliyati natijalarini baholash asosida mehnatga haq to`lashning zamonaviy tizimlariga o`tish (KPI, bonus) kabi uchta muhim yo`nalishdagi chora-tadbirlarni o`z ichiga oladi.
Bugungi kunda “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tizimida 3 ming 160 ta xodim faoliyat olib bormoqda. Shundan 597 tasi yosh xodimlar sanaladi. Ularni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, munosib mehnat sharoiti bilan ta`minlash masalasi bank boshqaruvining muntazam ravishda diqqat-markazida bo`lib kelmoqda.
“BRB Star Lab” loyihasi orqali esa ustoz-shogird an`analari asosida lavozimga tayyorlash choralari ko`rilmoqda. Ustoz-shogird munosabatlariga asoslangan BRB maktabini joriy etishdan maqsad bankning tajribali mutaxassislarining bilim va ko`nikmalaridan foydalangan holda OTM bitiruvchilarini malakali mutaxassis qilib lavozimlarga tayyorlashdan iborat.
Hisobot davrida bankning Farg`ona, Namangan, Andijon, Toshkent, Samarqand, Xorazm, Surxondaryo hududiy boshqarmalarida OTM bitiruvchilari o`rtasida tanlovlar o`tkazildi. Natijada 587 nafar nomzod tanlovda ishtirok etish uchun qiziqish bildirdi. 287 nafar nomzod dastlabki sinov bosqichida ishtirok etdi. 98 nafar nomzod dastlabki sinov bosqichidan o`tgan bo`lsa, 49 nafar nomzod 2-bosqich – suhbat jarayonlaridan o`tgan va ish o`rganuvchilikka qabul qilingan.
Matbuot anjumanida xodimlar ish haqi va rag`batlantirish tizimiga kiritilgan o`zgartishlar haqida ham ma`lumot berildi. Qayd etildiki, yangi tizim ishga yarasha adolatli haq to`lash maqsadida ishlab chiqilgan va bunda xodim o`z harakati bilan daromadini oshirib borishi, KPI tizimi orqali o`z mehnatining samarasini nazorat qilishi mumkin bo`ladi.
Shuningdek, matbuot anjumanida xodimlar mehnatini muhofaza qilish va xayrixohligini oshirishga doir loyihalar bo`yicha ham atroflicha ma`lumot berildi.
Ta`kidlandiki, 2024 yilda mehnat muhofazasi tadbirlariga va jamoa shartnomasining mehnat muhofazasi bo`yicha bitimlaridagi tadbirlarini amalga oshirish uchun 3,075 mlrd. so`m miqdorida mablag` sarflangan. Joriy yilning 1-yarim yilligida ushbu ko`rsatkich 1,205 mlrd. so`mni tashkil etdi.
“BRB yosh iqtidorlari”, “Direktor bilan bir kun”, “Nafis ayollar klubi”, “Book challenge”, Ingliz tilini o`rganish bo`yicha “Debate club”, “Zakovat” musobaqalari va turli yo`nalishlardagi sport tadbirlari jamoaviy muhitni yaxshilash va xodimlar xayrixohligini oshirishga xizmat qilmoqda. O`z navbatida, ularni tinglash taklif va muammolariga quloq tutish maqsadida qayta aloqa kanali – BRB Voice Bot joriy qilindi va ayni paytda test rejimida ishga tushirildi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar mavzu yuzasidan o`zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob oldilar.