Joriy yil I yarmida mamlakatda xarajatlari daromadlaridan eng ko`p hudud Farg`ona viloyati bo`ldi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqdim etgan mahalliy byudjetlar tahlilida keltirilgan.
2025 yil yanvar iyun oylarida O`zbekiston mahalliy byudjetlari daromadlari 33,7 trln so`mni, xarajatlari 48,5 trln so`mni tashkil etdi. Mazkur davrda respublikaning barcha hududlari byudjetlarida kamomad kuzatilgan.
Toshkent shahrining daromad va xarajatlari respublika bo`yicha eng yuqori darajada qayd etildi. Jumladan, poytaxtning yarim yillik tushumlari 6,8 trln so`m, chiqimlari 7,3 trln so`m bo`ldi.
Keyingi o`rinni Toshkent viloyati band qildi. Hudud byudjetiga olti oyda 3,56 trln so`m daromad, 3,9 trln so`m xarajatlar qilindi.
Samarqand va Farg`ona viloyatlarining yarim yillik tushumlari 2,9 trln so`mdan (har biriniki) ortdi. Chiqimlarga kelganda Farg`ona ko`proq—4,7 trln so`mdan ortiq, Samarqand esa 4,1 trln so`m sarflagan.
Hududlar kesimida eng kam daromadni Sirdaryo viloyati topgan—885 mlrd so`m. Uning xarajatlari esa 1,96 trln so`mdan ortiqni tashkil qilgan.
O`z navbatida daromadlari sezilarli kam hududlar — Jizzax (1,1 trln so`m) Xorazm (1,6 trln so`m), Surxondaryo (1,7 trln so`m), Navoiy (1,7 trln so`m) viloyatlari bo`lgan.
Olti oylik raqamlarga ko`ra, byudjeti taqchilligi eng yirik hudud Farg`ona viloyati bo`ldi — 1,8 trln so`m. Viloyat byudjetiga kamomadni yopish uchun respublika byudjetidan 1,1 trln so`m transfert mablag`lari o`tkazilgan. Bu boshqa hududlarga qaraganda eng ko`p o`tkazma hisoblanadi.
Byudjeti taqchilligi nisbatan yuqori hududlar Samarqand (1,6 trln so`m), Andijon (1,5 trln so`m), Namangan (1,36 trln so`m) viloyatlari hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi (1,4 trln so`m) bo`lgan.
Daromad va xarajatlar o`rtasidagi eng kam tafovut Navoiy viloyati byudjetida qayd etilgan — 279 mlrd so`m.
Shuningdek, Toshkent viloyati (365 mlrd so`m) va Toshkent shahri (527 mlrd so`m) byudjet kamomadlari qolgan hududlardagiga nisbatan kamroq bo`lgan.
Ma`lumot uchun, 2024 yil I yarmida hududlar byudjeti daromadlari 24,7 trln so`m, xarajatlari 39,7 trln so`mni tashkil etgan. Olti oyda respublika byudjetidan eng ko`p transfertlar Andijon viloyatiga (1,1 trln so`m) o`tkazilgan. O`z navbatida Farg`ona viloyati (1 trln so`m) va Qoraqalpog`istonga (1 tln so`m) ham boshqa hududlarga qaraganda ko`proq yordam mablag`lari ajratilgan.