Toshkent shahrida bolalarga noqonuniy diniy ta`lim bergan yana bir shaxs aniqlanib, jinoyat ishi qo`zg`atildi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida yashovchi, 1993 yilda tug`ilgan shaxs Olmazor tumanining “Jiydali” MFYda vaqtincha istiqomat qilayotgan xonadonda 2025 yilning may oyidan buyon yoshlarning 15 nafariga noqonuniy diniy ta`lim bergan va buning evaziga har biridan 150 dollardan pul olib keladi.
Aniqlanishicha, respublikaning turli hududlaridan kelgan, 2004—2014 yillar oralig`ida tug`ilgan bu “ilm izlovchilar”ning 11 nafari voyaga etmagan bo`lib, ular orasida 3 yildan buyon maktabga bormayotgan o`quvchi ham bor.
Xuddi shu mahallada ijaraga olingan yana bir xonadonda ham poytaxtning Mirzo Ulug`bek tumanida yashovchi, 1977 yilda tug`ilgan shaxs joriy yilning iyun oyidan buyon 10 nafar bolaga noqonuniy diniy ta`lim berib, evaziga har biridan 100 dollar hamda egulik uchun oziq-ovqat mahsulotlarini talab qilgan.
Huquq tartibot organlari tomonidan xonadonda tekshiruvlar o`tkazilishi ehtimolini hisobga olib, bolalarni yashirish uchun qo`lbola erto`la qurdirgan. Mazkur erto`la, ya`ni “quduq” temir qopqoq bilan yopilib, tosh va qum bilan berkitilgan. Bu bilan u bolalarning hayoti xavf ostiga qo`yilgan.
Har ikki holat bo`yicha mahalla fuqarolar yig`inida sayyor sud o`tkazilib, ushbu shaxslar Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 241-moddasi (diniy ta`limotdan saboq berish tartibini buzish) asosida javobgarlikka tortildi. Ushbu moddaga ko`ra, maxsus diniy ma`lumoti bo`lmay turib va diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz diniy ta`limotdan saboq berish, xuddi, shuningdek, xususiy tartibda diniy ta`limotdan saboq berish BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma`muriy qamoqqa olishga sabab bo`ladi.
Yuqoridagi shaxslar noqonuniy diniy ta`lim berishda maxsus gologrammaga ega bo`lmagan, norasmiy shaklda chop etilgan mavzuga oid adabiyotlar va turli qo`lyozmalardan foydalangani aniqlangan. Mazkur yo`nalishda Farg`ona viloyatida olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida diniy mazmundagi shunday materiallar noqonuniy ravishda tayyorlab kelingani fosh bo`lgan.
Buvayda tumanida yashovchi, 1991 yilda tug`ilgan fuqaro yashash xonadoni va o`ziga tegishli umumiy ovqatlanish shoxobchasida bosmaxona tashkil qilib, diniy mazmundagi kitoblarni chop etish bilan shug`ullangan. U mazkur kitoblarni Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlaridagi kitob do`konlariga etkazib bergan.
O`tkazilgan tezkor tadbirlar davomida kelgusida sotish maqsadida tayyorlab qo`yilgan 1210 dona kitob, 2000 dona yarim tayyor holatga keltirilgan bosma mahsuloti hamda 6 ta chop etish dastgohlari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Ushbu shaxs 2024 yilning iyul oyida muqaddam diniy mazmundagi kitoblarni qonunga xilof ravishda chop etgani uchun jarimaga tortilgan bo`lsa-da, yana noqonuniy harakatlarini davom ettirgan.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.