Ijtimoiy tarmoqlarda rossiyalik ovchi tomonidan Surxondaryoda Qizil kitobga kiritilgan morxo`rlar ovlangani haqida xabar tarqaldi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi bu qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilganini ma`lum qildi.
Vazirlikning bildirishicha, tasvrirlari tarqalgan Surxondaryo viloyatidagi ushbu ov 2024 yilda tegishli to`lov evaziga va ruxsatnoma asosida amalga oshirilgan. 2024 yilda morxo`rlarni ovlash uchun o`rnatilgan tartibda ruxsat berilgan va 100 ming dollar miqdorida to`lov undirilgan. Bu mablag`lar tabiatni muhofaza qilish, xususan, brakonerlikka qarshi samarali kurash olib borishga yo`naltirilgan.
“Ta`kidlash joizki, “Ov qilish va ovchilik xo`jaligi to`g`risida”gi qonunga ko`ra, har yili yovvoyi hayvonlarni tutish uchun kvota belgilanadi. Bunda yovvoyi hayvonlarning eng yoshi kattasi, nasl qoldirish davridan o`tgan erkagini ovlashga ruxsat beriladi va jarayon qat`iy nazorat ostida amalga oshiriladi”, deyiladi xabarda.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi xorijiy davlatlarda ham aynan shunday tartib joriy qilinganini qayd etib o`tdi. Namibiyada o`lja ovi yiliga 3 mln dollardan ko`p foyda keltiradi. Bundan tashqari, ochiq ma`lumotlarga ko`ra, har yili Tojikistonda 10–16 bosh morxo`r, 100–115 bosh arhar, Mo`g`ulistonda esa 90–100 bosh arhar, 50–60 boshgacha xongul ovlashga ruxsatnomalar berilmoqda.
2023 yilda ham rossiyalik ovchilar Surxondaryo viloyati hududida morxo`rlarni ovlagandi. O`shanda ham vazirlik bu tasdiqlangan kvotaga muvofiq ruxsatnoma asosida amalga oshirilganini ma`lum qilgandi.
Morxo`r O`zbekiston Qizil kitobiga hamda Xalqaro TMXI Qizil ro`yxatiga kiritilgan, yo`qolib ketish yoqasida turgan, lokal kenja turdir. Uning boshqa hayvonlardan yaqqol farqli ko`rinishi bu ularning yoshi katta takalaridagi buralgan katta va uzun (90-100 sm) shoxlaridir. 2024 yildagi ma`lumotlarga ko`ra, Surxon davlat qo`riqxonasidagi morxo`rlarning soni 673 boshni tashkil qilgan.
“Ov qilish va ovchilik xo`jaligi to`g`risida”gi qonunga ko`ra, bitta morxo`rni ovlash uchun chet ellik jismoniy va yuridik shaxslar 25 ming dollar miqdorida to`lov qilishi kerak.