Ekologiya vazirligi tomonidan Navoiy shahrida atmosfera havosining oq tutun bilan ifloslanishi bo`yicha laboratoriya tahlillari va boshqa ma`lumotlar to`plangan. Shahar hududi bo`ylab 11 ta nuqtadan ko`chma laboratoriya orqali havoning ifloslanish darajasi tahlil qilinganda, oltingugurt ikki oksidi (SO₂) belgilangan me`yordan 1,86 baravar, ammiak (NH₃) esa 1,43 baravar yuqori ekanligi ma`lum bo`lgan.
Jumladan, (sobiq “Elektrokimyo” zavodi hududida) “Sogda Kimyo Zavod” MChJ, “Ferrosplav” MChJ va "Zarafshon industrial technology" MChJ zavodlariga tutash hududda qisqa vaqtning o`zida konsentrlangan tashlanma shakllantirilgan videotasmasi dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, o`rganish davomida 22 ta korxona faoliyati ekologik ekspertizadan o`tkazilmaganligi, atmosfera, er va suv muhofazasi bilan bog`liq talablar qo`pol ravishda buzilganligi, betartib chiqindixonalar yaratilganligi sababli ularning faoliyatini vaqtinchalik to`xtatib turish to`g`risida qaror qabul qilingan. Ushbu korxonalarga ham 10 kunlik muddat berilgan. Kamchiliklarini bartaraf etmagan 19 ta korxonaning faoliyatini to`xtatish bo`yicha sudga da`vo arizalari kiritilgan.
Bundan tashqari, “Navoiy azot korxonasi” hududida hosil bo`lgan qurilish chiqindilari belgilanmagan joylarda saqlab kelinganligi, qurum (saja) chiqindisi yoqib yuborilishi oqibatida atmosfera havosi ifloslantirilganligi aniqlangan. Ammiak belgilangan me`yoridan 1,08 barobar yuqoriligi, 29 iyuldan 30 iyulga o`tar kechasi “Navoiyazot” AJ atrofida o`tkazilgan tahlillar natijasida soat 23:43 da sharqiy hudud atrofida ammiak (NH₃) moddasi miqdori 1,5 barobar, vodorod sulfidi (H₂S) 36 barobar, soat 00:16 da g`arbiy hudud atrofida ammiak (NH₃) moddasi miqdori 6,6 barobar, vodorod sulfidi (H₂S) 1,4 barobar, oltingugurt to`rt oksidi (SO₄) moddasi 1,2 barobar me`yordan yuqori ekanligi aniqlangan.
Oqibatda korxona jarima va kompensasiya to`lovlariga tortilib, huquqbuzarlikni bartaraf etish uchun 10 kun muddat belgilangan.
Shuningdek, Navoiy shahriga chegaradosh Karmana tumanining tog`li hududida 24 nafar fuqaro tomonidan tegishli ruxsatnomalarsiz, ekologik me`yorlarga mutlaqo zid bo`lgan noqonuniy ohak ishlab chiqarish faoliyati olib borilayotganligi, natijada atmosfera qora tutun va changlar bilan ifloslantirilayotganligi aniqlangan. Oqibatda jami 24 nafar fuqaroga nisbatan 18 mln so`m jarima belgilandi hamda noqonuniy qurilmalar buzib tashlangan.
Vaziyat qat`iy nazorat ostidaligi, Ekologiya vazirligi tabiatni muhofaza qilish qonunchiligini buzuvchi korxonalarga nisbatan bundan buyon ham qat`iy choralar ko`rishini ma`lum qildi.
Eslatib o`tamiz, avvalroq 19 iyuldan boshlab, bir necha kun davomida Navoiyni changsimon tutun qoplagani haqida xabar bergan edik.