2025 yil 1 avgustdan boshlab O`zbekiston qonunchiligida ro`y beradigan ayrim o`zgarishlarni eslatib o`tamiz.
Ish haqi va stipendiyalar oshadi
2025 yil 1 avgustdan boshlab byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi. 1 avgustdan e`tiboran, bazaviy hisoblash miqdori 412 ming so`m deb belgilanadi (hozir – 375 ming). Shu sanadan boshlab, mehnatga haq to`lashning eng kam miqdori 1 mln 271 ming so`mni tashkil etadi (hozir – 1 mln 155 ming).
Chiqindidan qarzi borlar “svet” o`chun to`lov qilolmaydi
O`zbekistonda maishiy chiqindini olib chiqib ketish xizmati uchun to`lov 2025 yil 1 avgustdan boshlab elektr energiyasi to`loviga bog`lab qo`yiladi. Bunda chiqindidan qarzdor iste`molchi elektr energiyasi uchun to`lov qilolmay qoladi.
Davlat xizmatchilarining vazni nazorat qilina boshlaydi
Joriy yil 1 avgustdan boshlab davlat organlari va tashkilotlarida har ish kunining muayyan vaqtlarida jismoniy tarbiya va harakat faolligi bo`yicha tadbirlar o`tkazib boriladi.
Bog`cha uchun kompensasiya
Ayrim toifadagi oilalar farzandlarini qabul qilgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotlariga ushbu bolalar ta`minoti uchun ota-onalar to`lovining bir qismini davlat byudjetidan qoplab berish tartibi joriy qilinadi. Bunda kompensasiya bola ta`minoti uchun ota-onalar to`lovining 40 foizi miqdorida ajratiladi.
Ekologik nazorat kuchaytiriladi
Davlat rahbarining tegishli qarori bilan Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi davlat inspektorlarining vakolati kengaytiriladi.
Ular 2025 yil 1 avgustdan quyidagi holatlar aniqlanganda tezkor nazorat tadbirlarini tekshiruvlar boshlangandan so`ng 24 soat ichida «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida ro`yxatga olish orqali Tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha vakilni xabardor etadi:
yuridik shaxslarning o`z hududida binolarni, inshootlarni yoki boshqa ob`ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish chog`ida belgilangan talablarni buzib, kimyoviy, biologik vositalarni qo`llagan holda daraxtlarni, butalarni yoki boshqa o`simliklarni qasddan shikastlantirish, payxon qilish yoki yo`q qilish;
o`lchami besh yuz kvadrat metr va undan ortiq bo`lgan qurilish maydonida, unga tutash bo`lgan hududda hamda undan chiqish yo`llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko`tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablarni buzish yoxud ushbu hududlarda ifloslantiruvchi moddalarning yo`l qo`yiladigan doiradagi normativlardan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarilishiga yo`l qo`yish;
yarim erkin sharoitlarda, sun`iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni saqlash.