Xalqaro til sertifikati yo`q o`qituvchilarni ishdan bo`shatmaslik bo`yicha vazirlikka so`rov yuborildi

31.07.2025 12:34

Sertifikatsiz bo`lgan tajribali xorijiy til o`qituvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomalarining bekor qilinayotgani holatlari bo`yicha kasaba uyushmasi Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligiga rasmiy murojaat bilan chiqdi.

Prezidentning 2021 yil 19 maydagi 312-sonli qarorida 2025/2026 o`quv yilidan boshlab xorijiy tillar yo`nalishlari bo`yicha dars beruvchi o`qituvchilardan kamida B2 darajadagi til sertifikati talab qilinayotgani, aks holda ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilinishi ta`kidlangan.

Murojaatga ko`ra, Mehnat kodeksining 8-moddasiga binoan, "har qanday normativ-huquqiy hujjat xodimning huquqiy holatini yomonlashtirmasligi kerak". Shunga asoslanib, sertifikatiga ega bo`lmagan o`qituvchilar bilan mehnat shartnomalarini bekor qilish huquqiy jihatdan etarli asos bo`la olmasligi bildirilgan.

Kasaba uyushmasi tomonidan vazirliklardan quyidagilar so`ralgan:
—B2 sertifikatiga ega bo`lmagan xorijiy til o`qituvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish jarayonini to`xtatish va bu bo`yicha rasmiy ko`rsatma berish;
—bunday o`qituvchilarning mehnat huquqlari himoya qilinishini ta`minlash;
—amalga oshirilgan chora-tadbirlar yuzasidan rasmiy axborotni taqdim etish va uni jamoatchilikka etkazish.

Yuqoridagilar bo`yicha choralar 2025 yil 11 avgust sanasiga qadar ko`rib chiqilishi va axborot berilishi so`ralgan.

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар