Yarim yilda aholining daromadi 7,4 foizga o`sgani aytildi

29.07.2025 10:51

Respublikada aholining jon boshiga real daromadlari miqdori yarim yilda 7,4 foizga o`sdi. Bu bo`yicha Statistika qo`mitasi navbatdagi tahlilini e`lon qildi.

2025 yil yanvar iyun holatiga ko`ra, aholi umumiy daromadlari 515,9 trln so`mni tashkil etdi. Bunda 2024 yil mos davriga nisbatan aholi umumiy daromadlari real o`sish sur`ati 9,5 foiz bo`ldi. O`tgan yili esa daromadlar 2023 yil I yarmidagidan 11,9 foiz ko`proq o`sgandi.

Manbaga ko`ra, daromad o`sishi valyuta kursi mo`tadillashib, ayrim xizmatlar tushumlari qisqargani sabab sekinlashgan.

2025 yil I yarmida aholi jon boshiga umumiy daromadlar 13,7 mln so`mdan to`g`ri kelgan. Bunda kishi boshiga umumiy daromadlar nominal o`sishi 17,7 foiz, real o`sish sur`ati 7,4 foiz bo`ldi.

Aholi jon boshiga o`rtacha umumiy daromadlar eng yuqori hudud doimgidek Toshkent shahri (35 mln 79 ming so`m) bo`lib qolmoqda. Keyingi o`rinlarda Navoiy (20 mln 48 ming so`m), Buxoro (15 mln 883 ming so`m) va Toshkent (13 mln 740 ming so`m) viloyatlarida o`rtacha respublika darajasidan yuqori ko`rsatkichlar qayd etilgan.

Qoraqalpog`iston (9 mln 198 ming so`m) va Namanganda (9 mln 457 ming so`m) eng past ko`rsatkich kuzatilgan.

Aholi jon boshiga umumiy daromadlarning eng yuqori real o`sishi Farg`ona viloyati (15,5 foiz) va Toshkent shahrida (12,8 foiz) kuzatildi.

Daromadlarning katta qismi yollanib ishlash va mustaqil band bo`lishdan olinmoqda. Bu umumiy miqdorning 60,6 foiziga teng.

“Aholi umumiy daromadlarning 6,6 foizi shaxsiy iste`mol uchun o`zida ishlab chiqarilgan xizmatlardan, 3,4 foizi mol-mulkdan, 29,4 foizi transfertlardan olingan”, deya qayd etgan manba.

Yarim yil davomida aholi umumiy daromadlari tarkibida yollanma ishchilarning daromadlari 28,2 foizni tashkil qildi. Mazkur turdagi daromadlar o`sish sur`ati 21,7 foizga etdi.

Olti oy davomida aholi umumiy tushumlar hajmida kichik tadbirkorlikdan olingan daromadlar ulushi 57 foiz bo`lgan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар