Yangi o`quv yilidan boshlab OTMning sirtqi ta`limiga qabul to`xtatiladi. Bu prezidentning tegishli farmonida nazarda tutildi.
Biroq so`ngi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda “sirtqiga 2-3-kursdan qabul qilamiz” qabilidagi e`lonlar ko`paymoqda. Ayni masalaga huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiev e`tibor qaratdi.
“Shunday e`lon berganlardan biri bilan mijoz sifatida bog`lanib, tizim qanaqa ishlashini tekshirib ko`rdim”, deydi u.
➖ Aniqlanishicha, turli konsalting firmalar sizni 2-3-4 va hatto 5-kursdan sirtqi ta`limga o`qishga kiritishni va`da qiladi;
➖ ro`yxatda 50 dan ortiq yo`nalish bor, istalganini tanlashingiz mumkin, barchasi xususiy universitetlarda;
➖ 10 dan ortiq xususiy universitetlarning ro`yxatini ham berishadi, istalganini tanlang deb;
➖ firma xizmati haqi yo`nalishiga qarab taxminan 10 mln so`mdan 30 mln so`mgacha, lekin universitetga kontraktni o`zingiz to`laysiz, bu pul firma "xarajati" uchun xolos;
➖ sizning nomingizga Rossiya, Qirg`iziston, Tojikiston, Qozog`istondagi oliygohlarda o`qiyapti, degan soxta hujjat tayyorlashadi. Lekin o`zingizga u hujjatni ko`rsatishmaydi;
➖ o`sha soxta hujjat bilan Sizni xuddi “perevod” qilganday O`zbekistondagi xususiy universitetning yuqori kursiga olib kelib joylashadi. Universitet shartnoma beradi, kontrakt pulini to`lasangiz bo`ldi, hech narsa bo`lmaganday 2, 3, 4 yoki hatto 5-kursdan o`qishni boshlaysiz;
➖ bu jarayonga katta ehtimol bilan universitetlar ham aralashgan bo`ladi, chunki o`zini hurmat qilgan oliygoh albatta talabaning hujjatini tekshirib ko`radi, soxta hujjat bilan joylashishga yo`l qo`ymaydi. Lekin millionlab kontrakt to`lashga tayyor mijoz kelib turganda, universitetlar ham mana shu korrupsion sxemaga sherik bo`lmoqda;
➖ bular shunchaki sizni oliygohga joylab qo`yishmaydi, balki vazirlikning HEMIS dasturiga “orqa sana” bilan kiritib ham qo`yishadi. Lekin buning uchun avval kontraktni to`liq to`lashingizni so`rashadi.
Huquqshunos bergan ma`lumotlarga ko`ra, 2025-yil 1 yanvardan 3 iyulgacha 41 ming 812 nafar talaba HEMIS tizimiga kiritilgan, shundan 25 ming 821 nafari sirtqi ta`limga qo`shilgan.
“Qanaqa qilib??? Nahotki buni hech kim nazorat qilmagan??? Shu davr ichida bitta xususiy universitet (nomini aytmayman, mayli) 3 va 4- kursga 3 ming 200 nafar talaba qabul qilgan, yana boshqa bittasi 1 ming 599 kishini yuqori kurslarga "HEMIS"ga kiritgan.
Bu ne sir-u sinoat, o`rtoqlar? “Oshkora qotillik qissasi”ga o`xshab, kuppa-kunduz kuni jinoyat sodir etishsa, hammamiz tomoshabin bo`lib turamizmi? Qiziq-ku... Juda qiziq...” deydi Xushnudbek Xudoyberdiev.