O`zbekistonliklarning 34 foizi hech qanday jamg`armaga ega emas. Bu haqda Markaziy bank so`rovnomasida keltirib o`tilgan.
So`rov natijalari shuni ko`rsatadiki, fuqarolarning atigi 20 foizida bankdagi rasmiy omonatlar mavjud. Aholining 23 foizi o`z mablag`larini uyda naqd shaklda saqlashini bildirgan. Shuningdek, yana 23 foiz kishi pullarini bank kartalarida saqlashni ma`qul ko`rgan.
Hududlar kesimida
Hududlar bo`yicha tahlilga ko`ra, eng ko`p jamg`armaga ega bo`lmaganlar Toshkent shahridan chiqqan bo`lib, u erda respondentlarning 38 foizi jamg`armasi yo`qligini aytgan. Keyingi o`rinlarda 37 foizlik ko`rsatkich bilan Farg`ona viloyati va Toshkent viloyati qayd etilgan.
Aksincha, Navoiy shahrida jamg`armasi yo`q aholi ulushi eng past bo`lgan. Jizzax va Andijon viloyatlarida esa jamg`armaga ega bo`lganlar ko`pchilikni tashkil qilsa-da, ularning aksariyati mablag`larini uyda naqd shaklda saqlashni afzal bilgan.
Bank omonatlaridan eng ko`p foydalanuvchilar esa Qoraqalpog`iston Respublikasida kuzatilgan. Ushbu hududda bank omonatlaridan foydalanuvchilar ulushi 31 foizni tashkil qilgan.
Bankomatdardagi muammolar
Aholining 62 foizi bankomatlar bo`yicha hech qanday shikoyati yo`qligini bildirgan. 18 foizi esa ayrim holatlarda uzilishlar bo`lishini, ammo bu norozilikka sabab emasligini aytgan. Qolgan 20 foiz esa bankomatlardagi asosiy muammolar sifatida naqd mablag`larning tez tugashi, bankomatlarning tez-tez ishlamay qolishi va kerakli nominaldagi pul birligi mavjud emasligini ta`kidlagan.
Omonat mablag`larini shakllantirishda ham turli yondashuvlar mavjud:
36 foiz aholi bankka borib, naqd pul orqali omonat qo`yadi;
29 foiz bank kartasi orqali;
35 foiz esa mobil ilovalar orqali, bankka bormasdan jamg`arma shakllantiradi.
Shuningdek, so`rovda ishtirok etganlarning 49 foizi bank mobil ilovalari orqali omonat shakllantirish imkoniyatlaridan foydalanishini bildirgan. 37 foizi bu imkoniyat mavjudligini bilsa-da, undan foydalanmasligini, 10 foizi esa bu xizmat haqida umuman bexabar ekanini bildirgan. Qolgan 4 foiz esa mobil ilovalar mavjudligini bilsa-da, ular orqali omonat ochish usulini bilmasligini aytgan.