2025 yil I yarmida Lex.uz qonunchilik bazasida eng ko`p o`qilgan hujjat O`zbekiston Konstitusiyasi bo`ldi. Bu haqda Adliya vazirligi e`lon qilgan hisobotda ma`lum qilindi.
Lex.uz platformasida jami 14 ming 544 ta amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar mavjud. Shundan 541 tasi joriy yil yanvar, iyun oylarida qabul qilingan. Bazadan kunlik foydalanuvchilar soni 37–39 mingta atrofida.
Platformada olti oy davomida 10 ta hujjat eng ko`p ko`rilgan. Ular umumiy hisobda 516,6 ming marta o`qilgan.
Eng ko`p o`qilgan hujjatlar ro`yxatidan birinchi o`rinni Konstitusiya egallagan. Shu bilan birga, Jinoyat, Ma`muriy javobgarlik va Mehnat kodekslari nisbatan ko`proq o`qilgan.
“Shaxsga doir ma`lumotlar to`g`risida”gi qonun beshinchi o`rinda qayd etilgan. Oltinchi o`rin “2022-2026 yillarga mo`ljallangan Yangi O`zbekiston taraqqiyot strategiyasi to`g`risida”gi prezident farmoniga berilgan.
O`z navbatida ettilikka “Ta`lim to`g`risida” qonun kirgan. “Yo`l harakat qoidalarini tasdiqlash to`g`risida”gi hukumat qarori sakkizinchi o`rindan joy olgan.
Yakuniy ikki o`rinni mahallalarda xavfsizlikni ta`minlashga oid prezident qarori va Xalq ta`limi vazirligining xorijiy tillar sertifikatini tasdiqlash bo`yicha qarori egallagan.