2025 yilning birinchi yarmida elektromobillar savdosi 28 foizga oshib, 9,1 million donaga etdi. Bu haqda Britaniyaning Rho Motion tadqiqot kompaniyasiga tayanib, Anadolu agentligi ma`lum qildi.
Mazkur yo`nalishda Xitoy o`z etakchiligini qo`ldan boy bermayapti. Joriy yilning birinchi olti oyligida dunyo bo`ylab sotilgan barcha elektromobillarning asosiy qismi, aniqroq aytganda, 5,5 million mashina aynan ushbu mamlakat hissasiga to`g`ri kelgan.
Xitoyda elektromobillar savdosi o`tgan yilga nisbatan 32 foizga oshgan. Ekspertlar bu ko`rsatkich yilning ikkinchi yarmida ham yuqoriligicha qolishini prognoz qilmoqda. Evropada ham 26 foiz o`sish kuzatilib, 2 million donaga yaqin mashina sotilgan. Biroq Shimoliy Amerikada bozor 3 foizga pastlab, 900 ming elektromobil yangi egalariga etkazilgan.
Qolgan mintaqalarda ham elektromobil savdosi 40 foizga oshib, 700 ming donaga etdi. Umuman olganda, mazkur bozor global miqyosda barqaror o`sishda davom etyapti.