Ma`naviyat va ma`rifatni yuksaltirishda Bekobod tajribasi asqotadi

25.07.2025 12:23

Oxirgi ikki oyda Bekobod tumanida ijodkorlar, jurnalistlar va san`atkorlar serqatnov bo`lib qoldi. Hududda “Har maktabga 100 kitob” loyihasi e`lon qilindi. Ko`p yillardan buyon badiiy adabiyotlarga muhtoj bo`lib turgan kutubxonalarga kitoblar oqib kela boshladi.

Yuzdan ziyod yurtimizning ko`zga ko`ringan ijodkorlar, olimlar, san`atkorlar, xususan, Abdusaid Ko`chimov, Zulfiya Mo`minova, Sherzod Qudratxo`jaev, Bobur Bobomurod, Muhammad Ismoil, Rahimboy Jumaniyozov, Tohir Doliev, Olimjon O`sarov, To`lqin Eshbek, Gulandom Tog`aeva, Nurilla Chori, Shodmonqul Salom, Nosirjon Jo`raev, Shuhrat Orif, Fozil Farhod, Zilola Xo`janiyozova, Shohsanam Nishonova, Qozoqboy Yo`ldoshev, Boboqul Toshev, Nuriddin Ziyo, Furqat Alimardon, Elyor Murod, Mahmud Namozov, Salohiddin Azizboev, Asliddin Do`stov, Shuhrat Daryo, Jahongir Foziljonov, Olima Tojiboeva “Dolzarb 90 kun” doirasida tuman maktablarida darsdan bo`shagan va ta`tilni qanday samarali o`tkazishni o`ylab turgan o`qituvchi va o`quvchilar bilan dildan suhbatlar qurdilar, jonli va jozibali muloqotlar, qiziqarli chiqishlar uyushtirishdi. 

Ma`rifat xazinalari shunchaki berib qo`yilsa, o`quvchini o`ziga kamroq jalb etishini e`tibordan chetda qoldirmasligimiz kerak. Kitoblarni yozuvchi, shoir va san`atkorlarning o`zlari keltirishi mutolaa madaniyatini oshirish, yoshlarni qiziqtirishning ta`siri usuli bo`ladi. Qolaversa, tumandagi ijodkorlarni ham bu jarayonga faol jalb etish ularni ham ruhiyatini ko`tarib, ilhom va kuch bag`ishlaydi”, dedi tuman hokimi Z.Nizomiddinov.

Shubhasiz, barcha buyuk islohotlar ma`naviy tafakkurdan oziqlanadi. So`king`ich hokimlaru, og`zi shaloq vazirlar, ma`naviyati butun bo`lmagan quyi bo`g`in rahbarlari bilan katta karvonni uzoqqa boshlab borish oson ish emas. Prezident bir yig`ilishda odamlarning uylarini e yo`q, be yo`q buzib yuborayotgan hokimlarga qarata “senlar bilan katta ishni qilib bo`larmidi, odamlar uyini buzguncha, avval miyangni buz” deb xafsalasi bo`lib qattiq yozg`irganda saviyasiz, ko`r-ko`rona harakat qiladigan amaldorlarni nazarda tutgan edi.

Sentyabrdan respublika markaziy gazeta va jurnallari barcha maktablarga etib borishi bo`yicha aniq rejalar belgilandi. Respublikamizning taniqli shoir, yozuvchi va jurnalistlarni uzoq yillar sinovdan o`tgan “Ustoz-shogird” an`anasi asosida har bir maktabga faol jalb etish, ularning ijodiy kechalarini o`tkazish, tuman yoshlarida ijodiy yondashuvni yuksaltirish, o`g`il-qizlarni ko`proq o`qishga undash, ularda kurtak yozayotgan salohiyatini to`liq namoyon etish, umuman olganda, kreativ fikrlashni rivojlantirish uchun doimiy muloqot maydoni yaratish bo`yicha ta`lim mutasaddilar bilan bamaslahat fikrlashib olindi. 

Aslida bunday ishlarga katta mablag` ham ketmaydi, faqat zo`r ishtiyoq va intilish bilan, yuksak ma`rifiy yondashuvlar bilan harakat qilinsa, tuman miqyosida ko`p narsaga erishish mumkinligini BEKOBOD MA`NAVIYaT TAJRIBASI yaqqol ko`rsatmoqda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар