O`zbekistonliklar qaysi banknotlarni ko`proq ishlatadi?

25.07.2025 11:07

Mamlakatda naqd pulda bir martalik xarid qilganlarning 47 foizi 100 ming so`mdan 500 ming so`mgacha sarflaydi. Bu bo`yicha joriy yil iyunda Markaziy bank maxsus so`rov o`tkazdi.

Tahlilga ko`ra, so`rovda qatnashganlardan 15 foizi kundalik to`lovlarni naqd pulda, 33 foizi bank kartasi orqali, 52 foizi har ikkala shaklda amalga oshirishini bildirgan.
Kundalik xaridlar uchun naqd pulda to`lov qiladiganlar ulushi Andijon, Jizzax, Namangan, Navoiy, Samarqand viloyatlarida ko`p.

Ishtirokchilardan 47 foizi naqd puldagi bir martalik xaridlari 100 ming so`mdan 500 ming so`mgacha etishini ma`lum qilgan. O`z navbatida 35 foiz qatnashchilar 100 ming so`mgacha, 12 foizi 500 ming so`mdan 1 million so`mgacha, 6 foizi 1 million so`mdan yuqori qiymatdagi xaridlar qilishini ta`kidlagan.

“Respondentlar tomonidan muomalada 10 ming, 50 ming, 5 ming, 100 ming va 20 ming so`m nominaldagi pul belgilariga ehtiyoj nisbatan yuqoriligi ma`lum qilingan. Mazkur holat aholi naqd puldagi kundalik xaridlar va boshqa xarajatlari uchun asosan ushbu nominaldagi pullardan ko`proq foydalanayotganligidan dalolat beradi”, deyiladi tahlilda.

Hududlarda 10 ming so`mlik banknotlarga Qoraqalpog`istonda, 20 ming so`mlik naqd pullarga Andijon viloyati aholisida ehtiyoj yuqori ekani aniqlangan.

O`rganishlarga ko`ra, aholi jamg`armalarining 23 foizini naqd pul shaklida saqlaydi. Yana shuncha qismini bank kartalarida saqlashga odatlangan.
Bugungi kunda odamlarning 88 foizi kommunal to`lovlarni mobil ilovalar orqali to`lamoqda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар